Xotin-qizlar hokimiyatga qaytdi
Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash hududiy bo‘linmalari boshliqlarining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosarlari viloyat, tuman, shahar hokimlarining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi sifatida hokim o‘rinbosari maqomiga tenglashtirildi.
Ayni kunlarda Samarqandda ham viloyat, tuman, shahar hokimliklarida hokimning xotin-qizlar maslalari bo‘yicha maslahatchilari o‘z vazifasida mehnat qilmoqda. Ularning aksariyati ilgari hokimlik binosida xotin-qizlar qo‘mitasi raisi faoliyat olib borgan xonada ish yuritmoqda. Transport vositalari bilan ta’minlangan. Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘lim boshliqlari o‘rinbosari, shuningdek, hokim maslahatchisi sifatida ish boshladilar. Xo‘sh, ushbu faoliyat nimani o‘zgartirdi, hokimning xotin-qizlar bo‘yicha maslahatchisi qo‘shimcha vakolatlarga ega bo‘ldimi yoki vazifalarga?
- Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi o‘rinbosari sifatida ham asosiy vazifamiz xotin-qizlar masalalari bilan ishlash, ularning muammolarini hal etishdan iborat, - deydi viloyat hokimining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi Sayyora Jumayeva. - Ammo ba’zi muammolarni hal etishda mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari sifatida yetarlicha vakolatga ega bo‘lmasdik. Endi viloyatdagi xotin-qizlar bilan bog‘liq mavjud vaziyat, muammo va amalga oshirilayotgan ishlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri viloyat jamoatchiligiga yetkazish, ular bilan bu masalalarni hal etish imkoni paydo bo‘ldi.
Ayni kunlarda viloyatdagi barcha shahar va tumanlarda qator tashkilotlar hamkorligida ayollar hamda yoshlar masalalarini o‘rganish bo‘yicha xatlov ishlari amalga oshirilmoqda. Ushbu jarayonning ahamiyatli tomoni shundaki, hududdagi ayollar va yoshlar masalalari bo‘yicha vaziyatni umumlashtirib, ish uslubimizni keyingi yillarda qay tarzda olib borishimiz kerakligi bo‘yicha bizga o‘ziga xos dastur vazifasini o‘taydi. Ushbu holatni nazorat qilish, kelgusidagi ishlarni viloyat miqyosida rejalashtirishda hokim maslahatchisi sifatida faoliyat olib borish muhim ahamiyatga ega.
Gulruh MO‘MINOVA.