Xotin-qizlar qo‘mitalarining boshlang‘ich tashkilotlariga kimlar saylanmoqda?

«Kattaqo‘rg‘on shahar 4-umumiy o‘rta ta’lim maktabida o‘tkazilgan boshlang‘ich xotin-qizlar qo‘mitasi hisobot saylovida shahar hokimligi xotin-qizlar qo‘mitasi mutaxassislari ishtirok etib, tashkilotga rais va shahar konferensiyasida ishtirok etish uchun delegat a’zolari saylab olindi».

Bir necha kunlardan beri viloyat xotin-qizlar qo‘mitasining telegramm messenjeridagi guruhda hududlardan shu kabi xabarlar qo‘yib borilmoqda. Boshlang‘ich xotin-qizlar tashkilotlari raislarini saylashga joriy yilda nega bunchalik katta ahamiyat berilmoqda? Ularning vazifalari nimalardan iborat bo‘ladi?

- Boshlang‘ich xotin-qizlar tashkilotlari raislari xotin-qizlar qo‘mitalarining asosiy tirgaklari bo‘lishi lozim, - deydi Paxtachi tumani hokimining o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zamira Quvanova. - Xotin-qizlarni ijtimoiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, oilalardagi ma’naviy muhitni yaxshilash orqali oilaviy ajralishlarning oldini olish, ayollarning huquqiy-siyosiy savodxonligini oshirishda boshlang‘ich tashkilotlarning o‘rni muhim. Ayni kunlarda joylarda yetti nafardan kam bo‘lmagan xotin-qizlar faoliyat ko‘rsatayotgan tashkilotlarda boshlang‘ich tashkilot raislari saylanmoqda. Tumanimizdagi 167 ta boshlang‘ich tashkilotning 60 foizida hisobot saylovlari bo‘lib o‘tdi. Xotin-qizlar qo‘mitasi boshlang‘ich tashkiloti raislari yuqorida aytilgan vazifalarni amalga oshirishda bizga yaqindan ko‘makchi bo‘ladi.

Ta’lim muassasalarida qizlar bilan alohida ish olib boriladi. Xususan, maktabgacha ta’lim muassasalarida «Zumradoylar davrasi», maktab va kollejlarda «Qizlarjon», «Buvijonim maktabi» klublari qizlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish, ularni hunarga yo‘naltirish, milliy qadriyatlarimizni mustahkamlash borasida ish olib boradi.

Ayni paytda barcha shahar va tumanlardagi korxona, muassasalarda xotin-qizlar qo‘mitasining boshlang‘ich tashkiloti raislari saylanmoqda. 30 sentyabrga qadar davom etadigan bu jarayonda saylangan raislar hamda delegatlar shahar va tuman miqyosida o‘tkaziladigan xotin-qizlar hisobot saylov-konferensiyalarida ishtirok etadi.

Gulruh MO‘MINOVA.