Yoshlar iqlim o‘zgarishidagi yangi innovatsion tashabbuslarga jalb etiladi

“O‘zbekistonda iqlim ta’limi orqali yoshlarning yetakchilik qobiliyatlarini kuchaytirish va rivojlantirish” qo‘shma loyihasi ishga tushdi.
Loyiha doirasida Orolbo‘yi hududlarida yoshlarni yanada “yashil” kelajak uchun safarbar etishga qaratilgan bir qator tadbirlar o‘tkazildi. Ushbu loyiha Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturi tomonidan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, “Zamin” xalqaro jamoat fondi va “Ta’lim hamma narsadan ustun” jamg‘armasi (Qatar) bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.
Muhammad Al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabning Samarqand filialida bo‘lib o‘tgan tadbirda maktab o‘quvchilari va mahalliy yoshlar yetakchilari 1,3 milliondan ortiq yoshlarni iqlim muammolari, barqaror qishloq xo‘jaligi va toza energiya kabi amaliy ko‘nikmalar bo‘yicha o‘qitishga qaratilgan loyiha bilan tanishdilar. Loyiha qurg‘oqchilik, suv tanqisligi va cho‘llanish kabi iqlim muammolariga duch kelayotgan qishloq hududlariga qaratilgan bo‘lib, yoshlarning iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq mahalliy muammolarni hal qilishda yetakchi bo‘lish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan.
- Iqlim o‘zgarishi eng dolzarb masalalardan biri bo‘lib turibdi, - dedi O‘zbekistondagi BMTTDning loyiha rahbari Laziz Xo‘jaqulov. - Loyiha doirasida iqlim o‘zgarishlarini amaldagi maktab darsliklariga kiritish bilan bir qatorda O‘zbekistonning yettita hududida, ya’ni Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Buxoro, Navoiy, Qashqadaryo, Surxondaryo, Samarqand viloyatlarida yosh iqlim elchilari tarmog‘ini tashkil etamiz. Yosh iqlim elchilari tarmog‘iga maktab o‘quvchilari va 24 yoshgacha bo‘lgan yoshlarni jalb qilishni rejalashtirganmiz. Ushbu yoshlar bilan iqlim yo‘nalishidagi yangi innovatsion tashabbuslarni amalga oshirishni maqsad qilganmiz.
Tadbir davomida maktab o‘quvchilari yosh yashil elchilar jamoasini shakllantirish, iqlim sohasidagi yetakchining mahorat darsi, startaplar ko‘rgazmasi va iqlim bo‘yicha xabardorlikni baholash onlayn so‘rovnoma kabi interaktiv mashg‘ulotlarda ishtirok etdi. Bundan tashqari, o‘quvchilar guruhlarga bo‘linib, iqlim muammolariga yechimlar bo‘yicha g‘oyalarni muhokama qilishdi va taqdim etishdi. Bu mashg‘ulotlar turli hududlardan kelgan yoshlar o‘rtasida qiziqish uyg‘otdi.
Xurshida Ernazarova.