Rahbarlar tanqidni nega ko‘tarolmayapti?

Bugungi kunda rahbarlar orasida tanqidni qabul qila olmaslik holatlari ko‘p uchramoqda. Ayrim mas’ullar o‘z bilimi, qobiliyati va imkoniyatlarini real baholash o‘rniga, tanqiddan qochishga, o‘zini maqtashga va mavjud muammolarni yashirishga urinyapti.

Bu esa shaxsiy darajada ham, tashkilot va jamiyat darajasida ham jiddiy oqibatlarga olib kelmoqda. Masalan, yaqinda bir tashkilot faoliyatini joyiga borib o‘rgandik. Mutaxassislar bilan xolis tahlil qilib, yutuq va kamchiliklarni yoritdik. Lekin maqola ijtimoiy tarmoqqa chiqishi bilan tashkilot rahbari bizning tanqidiy fikrimizga qarshi chiqib, o‘zini oqlashga tushdi. Bundan tashqari, maqolani o‘chirtirish uchun “tanish-bilishchilik” orqali bosim o‘tkazishga harakat qildi. Bu bir qarashda tabiiy holdek ko‘rinsa-da, aslida muammoni to‘g‘ri qabul qilmaslik va shaxsiy mas’uliyatdan qochishning yaqqol ko‘rinishi edi. Rahbar muammoni anglash, kamchilikni tan olish o‘rniga, uni yopishga, yuqori idoralarga “hammasi joyida” degan ko‘rinishni namoyon etishga urindi.

Tabiiyki, shu o‘rinda savol tug‘iladi: muammoni yashirish orqali uni hal qilish mumkinmi? Yo‘q, albatta. Aksincha, Bu holat muammoni yanada chigallashtiradi, jamoatchilik ishonchiga rahna soladi va boshqa muammolarni keltirib chiqaradi. O‘ylashimcha, muammoga munosabat tashkilotning haqiqiy yuzi va rahbarning salohiyatini ko‘rsatadi. Muammoni yashirishning asosiy sababi tanqiddan qo‘rqish, lavozimni yo‘qotish xavfi yoki “tepadagi”larga yaxshi ko‘ringan holda o‘sishga umid bog‘lash bo‘lsa kerak.

Lekin shunday “ochkolar”ni qo‘lga kiritish ortidan hal qilinmagan muammolar odamlarning kundalik hayotini og‘irlashtirib boraveradi va ularda davlatga, rahbarlarga nisbatan ishonchsizlikni kuchaytiradi.

Albatta, faoliyatimiz davomida bunday holatlarga ko‘p duch kelamiz. Tanqid qilishdan maqsad esa qaysidir tashkilot yoki rahbar obro‘sini to‘kish emas, balki muammolar yechimini topishga yordam berish, jamiyatda mas’uliyat tuyg‘usini oshirishdir. Demoqchimizki, rahbarlar tanqidni to‘g‘ri qabul qilib, tizimdagi muammo va kamchiliklarni vaqtida bartaraf qilsa, avvalo undan o‘zi manfaat ko‘radi.

Taraqqiy etgan mamlakatlarni kuzatsangiz, mas’ul rahbarlar birinchi navbatda o‘z vazifasi oldida hisobdor ekanini unutmaydi. Ular muammodan qochmaydi, aksincha, uni bartaraf etishga intiladi. Chunki har qanday tizim muammosiz bo‘lishi mumkin emas. Haqiqiy rivojlanish, o‘zini real baholash, zaif tomonlarini tan olish va ularni yaxshilashga urinish bilan boshlanadi.

Fazliddin RO‘ZIBOYeV.