Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar yaratilgan
Konstitutsiyaning 18-moddasiga binoan O‘zbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega bo‘lib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar, qonun oldida tengdirlar.
Shuningdek, 2019 yilda “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilingan. 7 bob, 32 moddani o‘z ichiga olgan qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llanilgan:
Jumladan, gender siyosati amalga oshirilishini ta’minlashga doir vaqtinchalik maxsus choralar — jinslarning notengligini bartaraf etish, xotin-qizlar va erkaklarning haqiqiy yoki asos bo‘ladigan tengligini ta’minlash bo‘yicha aniq maqsadlarga erishish uchun davlat organlari tomonidan ko‘riladigan huquqiy, tashkiliy hamda institutsiyaviy xususiyatga ega chora-tadbirlar;
gender — xotin-qizlar va erkaklar o‘rtasidagi munosabatlarning jamiyat hayoti va faoliyatining barcha sohalarida, shu jumladan, siyosat, iqtisodiyot, huquq, mafkura va madaniyat, ta’lim hamda ilm-fan sohalarida namoyon bo‘ladigan ijtimoiy jihati;
gender statistikasi — davlat statistikasining jamiyat hayoti va faoliyatining barcha sohalarida xotin-qizlar va erkaklarning holati to‘g‘risida har bir jins bo‘yicha alohida ko‘rsatilgan ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan, har xil jinsdagi shaxslarning ijtimoiy-siyosiy hayotning barcha sohalaridagi tegishli holatini aks ettiradigan, gender muammolarini va jamiyatdagi munosabatlarni yoritadigan qismi;
gender-huquqiy ekspertiza - normativ-huquqiy hujjatlarni hamda ularning loyihalarini xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlarini ta’minlash prinsiplariga muvofiqligi yuzasidan tahlil qilish;
jins bo‘yicha bevosita kamsitish — jamiyat hayoti va faoliyatining barcha sohalarida xotin-qizlar va erkaklarning huquqlari hamda erkinliklarini tan olmaslikka qaratilgan har qanday tarzda farqlash, istisno etish yoki cheklash, shu jumladan, oilaviy holati, homiladorligi, oilaviy majburiyatlari tufayli kamsitish, shuningdek shahvoniy shilqimlik qilish, teng mehnat va malaka uchun har xil haq to‘lash;
jins bo‘yicha bilvosita kamsitish — bir jinsdagi shaxslarni boshqa jinsdagi shaxslarga nisbatan noqulayroq holatga tushirib qo‘yadigan vaziyatlarni, holatlarni yoki mezonlarni yaratish, shu jumladan, gender tengsizlikni ommaviy axborot vositalari, ta’lim, madaniyat orqali targ‘ib etish, muayyan jinsdagi shaxslar uchun salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin bo‘lgan shart-sharoitlar yoxud talablar belgilash borasida aytib o‘tilgan.
Umuman, ushbu qonun bilan “Davlat xizmati sohasida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari”, “Saylov huquqlarini amalga oshirishda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari”, “Iqtisodiy va ijtimoiy sohalarda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari” va “Ta’lim, ilm-fan, madaniyat hamda sog‘liqni saqlash sohasida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari” bo‘yicha aniq huquq va majburiyatlar belgilab qo‘yilgan.
Furqat Anorov,
Beginch Eshquvvatov,
fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudi sudyalari.