Xotin-qizlarni oliy ta’limga qamrab olish — kelajak taraqqiyotining asosi

Yurt taraqqiyoti, xalq farovonligi va ijtimoiy barqarorlikni ta’minlashda ta’lim muhim omil hisoblanadi.
Ayniqsa, xotin-qizlarning zamonaviy bilim va kasb-hunarga ega bo‘lishi, ularning ijtimoiy faolligini oshirish, jamiyat hayotidagi o‘rnini mustahkamlash bugungi kunning dolzarb vazifalaridandir.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan ilgari surilayotgan “Yangi O‘zbekiston – yangi taraqqiyot bosqichida” g‘oyasi aynan har bir fuqaroning, xususan, xotin-qizlarning barkamol va faol bo‘lishini taqozo etadi.
Shu boisdan ham mamlakatimizda xotin-qizlarga oid davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri — ularni sifatli ta’lim bilan to‘liq qamrab olish, ayniqsa, oliy ta’lim tizimiga keng jalb etishdan iboratdir. So‘nggi yillarda bu borada katta ishlar qilinmoqda. Xususan, oliy ta’lim muassasalarida ayollar uchun ajratilgan kvotalar soni ortmoqda, grantlar, ta’lim kreditlari, soddalashtirilgan qabul tizimlari va boshqa ijtimoiy imtiyozlar joriy etilmoqda.
Mazkur yo‘nalishda amaliy ishlarga keng e’tibor qaratayotgan tashkilotlardan biri, bu — Samarqand davlat chet tillar instituti hisoblanadi. Xususan, ushbu institutning ingliz tili fakulteti ingliz tili tarixi va grammatikasi kafedrasi o‘qituvchilari joriy yilning may oyida Toyloq tumanidagi 44, 45 va 47-umumta’lim maktablarida bo‘lib, qizlarni oliy ta’lim bilan qamrab olish bo‘yicha targ‘ibot va tashviqot ishlari olib bordi.
Kafedra o‘qituvchilari maktabning bitiruvchi sinf o‘quvchi qizlari va ularning ota-onalari bilan suhbatlar tashkil etdi. Mazkur suhbatlarda hozirgi kunda yosh xotin-qizlarning oliy ta’limdagi o‘rni, ta’lim olish imkoniyatlari, tanlovdagi erkinlik va ta’limdagi ijtimoiy himoya mexanizmlari haqida atroflicha tushunchalar berildi.
Ayniqsa, ota-onalar bilan o‘tkazilgan muloqotlar nihoyatda muhim bo‘ldi. Ota-onalar farzandlarining, ayniqsa, qiz farzandlarning oliy ma’lumotli bo‘lishi jamiyatdagi o‘z o‘rnini topish, o‘z hayotini anglash va mustaqil qarorlar qabul qilishda muhim o‘rin tutishini tushunib yetmoqda. Shu boisdan ham bugun ota-onalar orasida farzandlarini universitetda o‘qishini istovchilar soni ortib bormoqda.
Shuningdek, kafedra o‘qituvchilari qiz o‘quvchilarga oliy ta’lim muassasalariga kirish bo‘yicha tavsiyalar, imtihonlarga tayyorgarlik, yo‘nalish tanlashda e’tiborli bo‘lish kerak bo‘lgan jihatlar haqida batafsil tushuntirishlar berdi.
Xotin-qizlarni oliy ta’lim bilan to‘liq qamrab olish bo‘yicha amalga oshirilayotgan bu kabi tashabbuslar — bu shunchaki targ‘ibot emas, balki jamiyat taraqqiyotiga qo‘yilayotgan mustahkam poydevordir. Bu yo‘ldagi har bir qadam, har bir tushuntirish, har bir ishonchli so‘z kelajakni o‘zgartiruvchi kuchga ega.
F.Abdurahimova,
Samarqand davlat chet tillar instituti
ingliz tili tarixi va grammatikasi
kafedrasi o‘qituvchisi.