Xurshid Davron: "Bizlar juda aqllimiz, ming o‘lchab, bir kesamiz..."
O‘zbekiston xalq shoiri Xurshid Davron 1952 yil 20 yanvarda Samarqand tumanida tug‘ilgan.
Quyida sevimli shoirimizning she’rlaridan namuna o‘qiysiz.
Bizlar juda aqllimiz...
Bizlar juda aqllimiz,
Ming o‘lchab, bir kesamiz,
Yashasin, deb xalqimiz,
Mansablarda o‘samiz.
Bizlar juda aqllimiz,
Qiynalmaymiz dil titib,
Cho‘milmaymiz daryolarda
Cho‘kib ketish mumkin deb.
“Uzilganda yashil yaproq,
Titrama, evini qil.
Hayajondan bo‘l, — der, — yiroq” –
Oq xalat kiygan aql.
Bizlar juda aqllimiz,
Ba’zan kun-tun o‘ylaymiz,
“Bu buyumni qayga qo‘ysak
Go‘zal bo‘lar uyimiz”.
Biroq kutar, qalbda o‘kinch
Olislarda onamiz.
Qo‘msamaymiz. Chunki sog‘inch
Dilga kirsa, sinamiz.
“Sog‘inibdi?!.. O‘tar-ketar,
Bir kun borib kelamiz”.
Boshqa ishga uramiz qo‘l,
Chunki juda aqllimiz.
Oydek toza qizni sevib,
Termilib gul yuziga.
Keyin esa, uylanamiz
Aqldorning qiziga.
Raqibga tig‘ bilan chiqmoq –
Dahshat!
Nima qilamiz?!
Axir bizlar aqllimiz,
Makr bilan yanchamiz.
…Bir kun o‘lsak, ustimizga
Ulkan toshni qo‘yishar
Va albatta o‘sha toshga
Aqlli so‘z o‘yishar.
* * *
Zo‘r shoir dilida zo‘r umid yashar,
Ko‘r shoir dilida ko‘r umid yashar.
Har umid tuproqqa tashlangan dondek
Butun koinotdan nur kutib yashar.
* * *
Samarqand – za’faron tiramoh,
Buxoro – qirmizi saraton.
Tosh shahri – sovigan qahrabo,
Turkiston… Turkiston… Turkiston…
Xiva “Xayr” kalomi. Sukunat,
Sahroda yangragan qo‘ng‘iroq.
Qo‘qon – bog‘. Vatan deb jon bergan
Yigitlar qonini ichgan bog‘.
Shahrisabz kabutar patidir,
Zangori ranglarga bo‘yalgan.
Termiz – ko‘r xattotning xatidir,
Zamonlar zarbidan tuyilgan.
Boburning ko‘zyoshi – Andijon,
Marg‘ilon – ming yoshli qizaloq.
Turkiston… Turkiston… Turkiston…
Dashtdagi qon rangli qizg‘aldoq…