Xurshid Nurullayev: “Kuz olamning mohir rassomi”

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Xurshid Nurullayev 1959 yil 3 sentyabrda Toyloq tumanining Sochakipoyon qishlog‘ida tug‘ilgan.

O‘rta maktabni bitirgach, Samarqand davlat arxitektura-qurilish institutida tahsil olgan.

 “Darakchi” nashriyot uyi ijodiyot va tahlil guruhi boshlig‘i, “Gulobod tongi” gazetasida muxbir, “Kelajak avlod” gazetasi muharriri, “Kitob olami” ma’naviy-ma’rifiy majmuasi bosh direktori, O‘zbekiston Ma’naviyat va ma’rifat markazi Samarqand shahar bo‘limi rahbari kabi lavozimlarda ishlagan.

Hozirda Samarqand shahar hokimining jamoatchilik bilan ishlash bo‘yicha maslahatchisi bo‘lib faoliyat yuritmoqda.

“Yomg‘ir hidi”, “Tug‘yon”, “Muhabbat mulki”, “O‘ynab gapirsang ham, o‘ylab gapir”, “Hammasi asabdan”, “Muhabbat bor”, “Ko‘ngildagi gaplar”, "Baxtli bo‘lish o‘zimga bog‘liq" kabi kitoblari chop etilgan.

 

***

Kuz manzaralari

Adir bo‘yi, qavatli chayla,

Qovun hidi taralgan poliz.

G‘ujg‘on yulduz bulutsiz ko‘kda,

Qo‘l yetgudek, emasdek olis.

 

Yalanglikka sodiq qo‘riqchi,

Tong qarshilar yolg‘iz qayrag‘och.

Bag‘rin ochgan kabi adirga

Tog‘ ufqqa yozar keng quloch.

 

Bir oy tatib qaynoq taftini

Tabiatning oltin qalovin,

Ilhaq bo‘lib dehqon kaftiga

Tars yorilar chidolmay qovun.

 

Bir silkinar g‘ichirlab chayla,

Uyg‘onadi dehqon junjikib.

Qir ortida ko‘ringan quyosh

Turar unga mayin ko‘z tikib.

 

Barg silkitmay qo‘ygan qayrag‘och

Chiqarmadi bir oy sasini.

Yel yaproqqa o‘qita boshlar

Saratonning janozasini.

 

*  *  *

 

Donishmandga o‘xshash kazomi

Tabiatning usta bu fasli.

Kuz olamning mohir rassomi,

Zarrin rangdan qonar yer vasli.

 

Shalpangquloq bargli polizning

Yuzi sarg‘ich tob olar asta.

Boshsiz qolgan kungaboqarlar,

Esiz, bo‘lmas ketmonga dasta.

 

Bahor selin domiga yutgan

Soy ilondek yotar cho‘zilib.

Tuman tog‘ni to‘sib qo‘ygani

O‘xshar kimdir qo‘ygan bo‘z ilib.

 

Intiq ko‘ngil istar yuksakni,

G‘o‘zalar cho‘t qilgandan serob.

Bo‘liqligin ko‘rib ko‘sakning

Sug‘orishdan to‘xtaydi mirob.

 

Qo‘l-oyoqsiz qolgani unut,

Yeng shimarib olgan yel, shovvoz.

Paydo bo‘lar musofir bulut,

Toshbaqa odimlab beovoz.

 

Bulut – muqimlik yot, ko‘chmanchi,

Quyoshning past shashtini payqab,

Tomchi bilan qo‘yadi sanchib,

Yaproqlarni yelkandek chayqab.

 

Bargparastroq asli tiramoh,

Daraxtlarga tegadi ko‘zi.

Yaproqlar kuz e’tiboridan

Uyaladi – qizarar yuzi.

 

Yaproqzorga aylanar zamin,

Durkun barglar yotar bemajol.

Yordam bermoq uchun har bargga,

Qo‘ltig‘idan ko‘tarar shamol.

 

Tugab qolgan sariq bo‘yog‘i,

Qayga boqma qoramtir tasvir.

Yolg‘iz choldek tortadi ma’yus

Keksayib qolgan kuz – musavvir.

 

Qadri ketib, bo‘lib benufuz,

Butkul holdan toyib, boyaqish,

Hayotdan ko‘z yumar rassom – kuz,

Ustiga oq bo‘z tortadi qish.