Xususiy sektordagi ishchilarning 30 foizida rasmiy oylik 1 million so‘mdan kam qilib ko‘rsatilgan
Ayniqsa, Qoraqalpog‘iston, Qashqadaryo, Samarqand, Surxondaryo, Sirdaryo va Xorazmda bu masala juda dolzarb. BU haqda Prezident ishtirokidagi yig‘ilishda ma’lum qilindi. Holat asosan to‘qimachilik, qurilish, qishloq xo‘jaligi, savdo va umumiy ovqatlanish sohalarida uchrayapti.
Ta’kidlanishicha, buning sabab-omillarini bartaraf etish maqsadida tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash choralari ishlab chiqildi.
Masalan, to‘qimachilik va charm sohalarida kamida 2,5 million so‘m oylik to‘laydigan, 15 foiz ishchisi ehtiyojmand oiladan bo‘lgan tayyor mahsulot chiqaruvchi tadbirkorlarga yengilliklar beriladi.
Bunday korxonalarning foyda solig‘i ham, ishchisini daromad solig‘i ham 1 foiz bo‘ladi. Bu imtiyozga javoban ular 50 ming ehtiyojmand odamni ishga oladi.
Davlat boshqa tarmoqlar uchun ham bu yil tugaydigan imtiyozlarni mana shunday ijtimoiy mezon bilan uzaytirishga tayyor.