Registon: XV asrda Sherdor o‘rnida xonaqo, Tillakori o‘rnida karvonsaroy va hammom bo‘lgan

XIV asrda Yevropa va Osiyo xalqlarini mo‘g‘ullarning 200 yillik zug‘umidan qutqargan Amir Temur Samarqand shahrini dunyoning eng ko‘rkam shahriga aylantirish uchun barcha xayrli ishlarni qildi. Amir Temurdan keyin Samarqanddagi bunyodkorlik ishlarini Mirzo Ulug‘bek davom ettirdi.

Ko‘plab tarixiy adabiyotlarda Mirzo Ulug‘bekning bunyodkorlik ishlari haqida gap ketganda, uning Samarqand, G‘ijduvon va Buxoroda madrasalar bunyod ettirganini, o‘zining mashhur rasadxonasini qurganligi qayd etiladi. Ammo Samarqandning har bir imoratida Mirzo Ulug‘bekning izi borligini o‘ylab ko‘rganmizmi?

Ha shunday. Qayerga qaramang, albatta, Mirzo Ulug‘bekni ko‘rasiz!

Hozirgi Registon ansambli XVII asrda shakllanganligi barchaga ma’lum. Mirzo Ulug‘bekning mashhur dorilfununi ro‘parasida buyuk sarkarda Bahodir Yalangto‘sh o‘zining katta madrasasi - Sherdorni, chap yonida esa kichik madrasasi - Tillakorini bunyod ettirgach, Registon ansambl ko‘rinishiga kelgan, deb hisoblaymiz. Aslida Bahodir Yalangto‘shning ikki madrasasi XV asrdayoq Mirzo Ulug‘bek tomonidan qurilgan imoratlar o‘rnida bunyod qilingan edi. Ya’ni, Sherdor o‘rnida Mirzo Ulug‘bek xonaqosi, Tillakori o‘rnida Mirzo Ulug‘bek karvonsaroyi va hammomi qad rostlagan, o‘shandan Registon ansambli Samarqanddagi asosiy bosh maydonga aylangan edi. 

Amir Temur maqbarasining qurilishi ham Amir Temur buyrug‘i bilan boshlansa-da, uning o‘ziga maqbara qurilishini ko‘rish nasib etmaydi. Chunki 1405 yil qishida Xitoy yurishiga otlangan Amir Temur og‘ir kasallanib, O‘tror shahrida (Sirdaryo bo‘yida) vafot etgan edi. Shuning uchun ham maqbaraning to‘liq qurib bitkazilishi Mirzo Ulug‘bek davrida amalga oshiriladi. Xususan, chap kirish yo‘lagining qurilishi, bezak ishlarining nihoyasiga yetkazilishi Mirzo Ulug‘bek nomi bilan bog‘liqdir.

Siyob bozori yaqinidagi Amir Temur jome’ masjidi 1399-1404 yillarda Buyuk Amir Temur tomonidan bunyod qilingan. O‘z davrida bu masjidga teng keladigan masjid yo‘q edi. Ulug‘bek hukmronligi davrida uning otalig‘i Amir Shohmalik tomonidan Samarqandda yangi jome masjidi qurilgan bo‘lsa-da, bu vaqtda ham Amir Temur jome masjidi asosiy masjid hisoblangan. Mirzo Ulug‘bek azim masjid ichida bobosi tomonidan Samarqandga keltirilgan xalifa Usmon Qur’oni uchun marmar lavh (2,3×2,18) yasattiradi. Ushbu lavhga qo‘yidagi so‘zlar bitilgan: «Sultono A’zam oliy himmatli hoqon, din va diyonat homiysi, hanafiya mazhabining posboni, aslzoda, sulton ibn sulton amir ul-muslimin Ulug‘bek Ko‘ragon».

Shohi Zinda ansambli ham 1434-1435 yillarda Mirzo Ulug‘bek tomonidan bunyod etilgan mahobatli peshtoq bilan boshlanadi. Peshtoq O‘rta Osiyo an’anaviy me’morchilik uslubida qurilgan bo‘lib, sirlangan koshin va o‘yma mozaika bilan bezatilgan. Peshtoqning yuqori qismida «Bu ulug‘vor inshoot Abdulaziz Bahodir ibn Ulug‘bek Ko‘ragon ibn Shohruh, ibn Amir Temur Ko‘ragon tomonidan 838 (hijriy) (1434-1435 yillar) yilida bunyod qilingan», degan yozuv saqlangan. Aslida ushbu peshtoq Mirzo Ulug‘bekning o‘zi tomonidan bunyod etilgan, biroq kichik o‘g‘li Abdulaziz nomiga yozdirilgan.

Shohi Zinda ansamblidagi 36 pillapoyali zinapoyaning chap tomonida ikki xonadan iborat, ikki gumbazli maqbara joylashib, uning bir xonasi ziyoratxona, ikkinchisi esa dahmadir. Maqbara Amir Temurning enagasi O‘ljoy ona va uning qizi Bibi Sinabga tegishli bo‘lib, ushbu dahma ham Mirzo Ulug‘bek davrida bunyod etilgan, deb hisoblanadi. Shuningdek, Shohi Zinda ansamblidagi o‘rta guruh yodgorliklaridan biri, sakkiz qirrali maqbara ham Ulug‘bek davrida bunyod etilgan.

Samarqand shahrining janubi-sharqiy qismida, hozirgi Sadriddin Ayniy ko‘chasida Xo‘ja Abdu Darun maqbarasi joylashgan. Maqbara kattagina joyni egallagan bo‘lib, u saljuqiy turk hukmdori Sulton Sanjar (XII asr) tomonidan bunyod etilib, Mirzo Ulug‘bek davrida qayta ta’mirlangan va bizgacha yetib kelgan. Mirzo Ulug‘bekning mashhur rasadxonasi va u yerda olib borilgan ilmiy-tadqiqot ishlari olimning bizga qoldirgan eng katta merosidir. 

Yuqorida Mirzo Ulug‘bekning Samarqanddagi bunyodkorlik ishlarini sanab o‘tdik. Kezi kelganda aytish kerakki, shoh va olimning ezgu ishlari faqat Samarqand bilan cheklanib qolmagan. 1420 yilda Buxoroda, 1433 yilda G‘ijduvonda Mirzo Ulug‘bek tomonidan madrasalar qurib bitkazilgan edi. 

Shahrisabzdagi Dor ut-tilovat va Dor us-saodat majmualari Mirzo Ulug‘bek tomonidan ta’mirlanganligi uchun ham bizgacha yetib kelgan. Mirzo Ulug‘bekning 1435-1436 yillarda qurilgan mashhur Ko‘k Gumbaz masjidi hozir ham Shahrisabzning ko‘rkiga ko‘rk qo‘shib turibdi. 

Toshkent viloyatidagi Zangi ota maqbarasi Sohibqiron Amir Temur tomonidan bunyod etilgan bo‘lsa, uning hozirgacha saqlangan peshtoqini 1420 yilda Mirzo Ulug‘bek bunyod ettirgan. Toshkent shahridagi Cho‘pon ota maqbarasi Toshkentning muqaddas qadamjolari sifatida e’tirof etiladi. Xalq orasida maqbara Mirzo Ulug‘bek tomonidan qurilgan deb hisoblanadi.

Mirzo Ulug‘bekning bizga qoldirgan moddiy-ma’naviy merosi beqiyosdir. Ularning ichida shoh va olimning ilm-fanga qo‘ygan muhabbati biz avlodlar uchun haqiqiy o‘rnak bo‘lishi lozim. Ayrim xorijiy olimlarning ilmu-irfon haqidagi hikmatli so‘zlaridan ko‘ra Mirzo Ulug‘bek buyrug‘i bilan uning Buxorodagi madrasasi peshtoqiga bitilgan «Ilm-fanga havas qo‘yish har bir muslim va muslimaga farzdir» hikmati ming marta afzaldir.

Mahmudxon Yunusov, 

tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori.