Yagona darcha Davlat xizmatlari markaziga aylantirildi. Nima o‘zgardi?
Davlat xizmatlari markazi tomonidan amalga oshirilayotgan xizmatlar aholining qator sohalardagi ovorayu sarsongarchiliklari, moliyaviy sarf-xarajatlarga chek qo‘ymoqda.
Istalgan nashrni, rasmiy saytni kuzating, Davlat xizmatlari markazlari haqida ana shunday balandparvoz gaplarni o‘qiysiz. Aslida ham shundaymi? Markaz ilgari yagona darcha, deb nomlanardi. Nomi o‘zgardi-yu xizmat ko‘rsatish sifati o‘zgargani yo‘q. To‘g‘ri, markaz yagona darchadan ko‘ra, ko‘proq sohalar bo‘yicha xizmat ko‘rsatyapti. Ammo...
Kuni kecha Samarqand shahri Gagarin ko‘chasida joylashgan Davlat xizmatlari markaziga bordim. FHDYodan ma’lumotnoma kerak edi. Soat 14:10 - “hali ZAGSdagilar obeddan qaytgani yo‘q”, dedi navbatga talon beradigan xodim. Zal to‘la odam, navbatim kelishini kutib o‘tirdim. Yarim soatlar o‘tgach, FHDYoga kelganlarni chaqira boshladi. Bir soatdan keyin navbatim keldi.
Nima maqsadda kelganimni so‘ragan xodima ma’lumotlarni kompyuterga kiritib bo‘lgach, kassaga to‘lov qilishimni va uch kundan keyin xabar olishimni aytdi.
- Bitta ma’lumotnoma uchun uch kun kutishim kerakmi? - dedim ajablanib.
Rost, hayratlandim. Chunki avvallari FHDYo arxiviga borib, o‘sha kuni ma’lumotnoma olsa bo‘lardi. Islohotni, uning natijasini qarang: endi buning uchun Davlat xizmatlari markaziga murojaat qilsangiz 11205 so‘m 75 tiyin to‘laysiz, kamiga yana uch kun kutasiz.
Mendan oldin murojaat qilgan ayol bolasini bog‘chaga berish uchun beshinchi marta kelayotganini aytganida, ishonmagandim. Taassufki, men guvohi bo‘lganlarimni ommaviy axborot vositalari odamlar sarson bo‘lishining oldini olish, ularning vaqtini va naqdini tejash, korrupsiyaga qarshi kurashish, deb yoritishadi.
Noiloj, markazni tark etayotganimda yana bir qiziq voqea bo‘ldi. Bir yigit kelib (ish yurituvchi bo‘lsa kerak) boya menga uch kundan keyin kelishimni aytgan qizga “Siz kimlarni chaqirayapsiz?” deb so‘radi. “ZAGSni”, degan javobni eshitgach, “Bo‘ldi, endi bog‘chalarni chaqiring”, dedi.
Ana sizga tomosha. Odamlar emas, hujjatlar harakatlanadi, deb peshtoqiga katta-katta harflar bilan yozilgan idorani “g‘irt kolxoz, bular”, deb qoldi, shu yerda turganlardan biri. Bo‘lib o‘tgan voqealardan keyin u gapga ishondim.
Chunki sal oldinroq shahar gaz korxonasiga bir ish bilan borganimda, mutaxassislardan biri: “Yagona darcha ishimizni eplolmadi. Bitta ko‘p qavatli uyda yashovchilarning hujjatlariga ikkita mahallaning nomini yozib beribdi. Qo‘shnisi narigi mahalla fuqarosi, o‘zi boshqa mahalla fuqarosi. Xullas, yana ishimizni o‘zimizga qaytardi”, degandi.
Xullas, Davlat xizmatlari markaziga ishingiz tushadigan bo‘lsa, bir kunda ishim bitadi, sarson bo‘lmayman, deb xomtama bo‘lmang.
Xurshida ERNAZAROVA.