Yalangto‘shdan yengilgan Shohjahon bunyodkorlik bahsini boshladi. Natijada… insoniyat g‘alaba qozondi

Abdulaziz Buxoro xoni sifatida tarix sahnasiga ko‘tarilgach, 1646 yili Hindistondagi boshqa bir ajdodimiz Shohjahon bilan Balxda hukmronlikni o‘rnatish uchun keskin ziddiyat va keyinchalik urush kelib chiqadi. Shohjahonning kuchli qo‘shiniga bas kelish qiyin edi. Xo‘jamqulibek Balxiyning “Tarixi qipchoq xoni” manbasiga ko‘ra, Abdulazizxon barcha o‘zbek amir va beklarini ulug‘ qurultoyga yig‘ib, qanday g‘alaba qozonish haqida maslahatlashadi. Unga ko‘ra, Toshkentda o‘zbek, qozoq, qoraqalpoq beklari bir kamarga birikkandek birlashishga ahd qilishadi va Hindiston qo‘shiniga qarshi kurashga otlanishadi. Garchi Yalangto‘sh Bahodir Abdulazizxon bilan ziddiyatda bo‘lsa-da, bu yurishda unga hamrohlik qiladi. Shohjahondan Balx tortib olingach, Abdulazizxon bilan Yalangto‘sh o‘rtasida iliqlik yuzaga keladi.
Shu yerda qiziq, badiiylashgan holatni kuzatishimiz mumkin. Boburiy hukmdor Shohjahon uni ochiq jangda yenggan Samarqand hukmdorini garchi qilich bilan bo‘lmasa-da, boshqa tomonlama o‘ziga xos tarzda yengmoqchi bo‘lgan. Bu yengish dunyoni hayratda qoldiruvchi ulkan imorat ko‘rinishida amalga oshishi va dovrug‘ taratishi kerak edi.
Abu Tohirxojaning Samariya asarida keltirilganidek, “Qizig‘i shundakim, madrasaning solinishi tarixi «Yalangto‘sh Bahodir», ya’ni 1619 yili qurilishi boshlangan Sherdor madrasasi salobati va go‘zalligi nuqtai nazardan atrofga dong tarata boshladi. Shohjahon bunga javoban Hindistonda tengsiz me’moriy obida qoldirish niyatida 1632 yili Toj Mahalni qurishga kirishadi va unga 20 yildan ortiq vaqt sarflaydi. Agra imoratining ovozasi kundan kun kuchayayotgan vaqtda samarqandlik hukmdor bunyodkorlik yalovini qo‘ldan bergisi kelmadi, birgina Sherdor kamdek ko‘rindi. 1646 yili javobga javob tarzida navbatdagi, bugungi kunda Tillakori deb atalayotgan yana bir go‘zal me’moriy asarning qurilishini boshladi va shu bilan bahsga yakun yasab, hozirgi Registon ko‘rinishiga asos soldi.
Bu ikki hukmdor ajdodimiz mashhur Registon va Toj Mahal me’moriy obidalari bilan insoniyat aqlini lol etdi, tarixda ulug‘ bunyodkorlar sifatida nom qoldirishdi. Imorat solish bahsida yengilgan bo‘lmadi, faqatgina buni anglash va uning qadriga yetish hozirga qadar muammo bo‘lib qoldi.
Erkin MUSURMONOV,
filologiya fanlari nomzodi.
Tahririyatdan: Muallif ushbu tarixiy faktni bejiz keltirmadi. Uning ibrati bugunga ham juda mos keladi. Qaniydi, bugunning rahbarlari, tuman, shahar hokimlari ham qo‘shni hududlarda bunyod etilgan ko‘rkam imoratlar, zamonaviy inshootlar, ravon yo‘llardan andaza olib, bunyodkorlik yalovini qo‘ldan bermasalar…