Yangi darsliklar o‘quvchida mantiqiy fikrlashni uyg‘otadi

Bugun ta’lim sohasiga e’tibor berilyapti, o‘zgarishlar sezilarli darajada ko‘p. Shunday paytda pedagoglardan ham munosib tarzda o‘z ustida samarali ishlash talab etiladi.
Avvalo, o‘quvchilarga bilim berishda ularning dunyoqarashini kengaytirish, jahon ta’lim standartlariga javob beradigan mutaxassislarni tayyorlashni maqsad qilish zarur.
Hozirda o‘qituvchidan so‘ralayotgan yagona talab – ta’lim sifatini oshirish. U bor imkoniyatini o‘quvchiga bilim va tarbiya berishga sarflashi lozim. Shuning uchun ham o‘qituvchiga majburiy mehnat, turli yig‘ilishlarga jalb etish qat’iyan taqiqlandi. Pedagoglar yuritayotgan hujjatlar soni ham uchtadan bittaga qisqartirildi, ya’ni faqat jurnal yuritish qoldi.
Ta’lim sohasiga kirib kelayotgan yangiliklar bir-biri bilan uzviy bog‘langan holda, biri ikkinchisini to‘ldirib bormoqda. Biz dastlab dars ishlanmalarini yaratishda bilim, ko‘nikma, malaka haqida gapirar edik. Bilim – o‘rgangan ma’lumotlarni eslab qolish. Fan tili bilan aytganda, berilgan tilshunoslikka oid qoidalarni yod olish. Masalan: ot so‘z turkumi nima? Ot nom bildiruvchi so‘z turkumi bo‘lib, shaxs, narsa, joy ma’nolarini anglatadi va “kim?”, “nima?”, “ qayer?” so‘roqlariga javob bo‘ladi.
Ko‘nikma – o‘rgangan bilimlarni tanish vaziyatlarda qo‘llash, ya’ni ona tili kitoblarida mashqlarda berilgan gaplar ichidan ot so‘z turkumini topish va aniqlash. Masalan, “ot so‘z turkumiga oid so‘zlarni aniqlang”, degan topshiriq berilgan. “O‘lmasning onasi uyda o‘tiradi, do‘ppi tikadi”. Bu gapda O‘lmas (kim?) shaxs nomini bildirgan, onasi (kim?) shaxs nomini bildirgan, do‘ppi (nima?) narsa nomini bildirgan so‘zlar bo‘lib, ushbu so‘zlar ot so‘z turkumiga oid. Demak, bu topshiriq orqali o‘quvchida o‘rgangan bilimlarini tanish vaziyatda qo‘llash ko‘nikmasi shakllantiriladi. Malaka - o‘rgangan bilimlarni notanish vaziyatda qo‘llash. Masalan, darslikda “Shaxs, narsa, joy nomlarini qatnashtirib matn tuzing”, “Atoqli otlardan foydalanib, “Vatan” mavzusida matn tuzing” kabi topshiriqlar berilgan. Bunday topshiriqlarda o‘quvchi o‘rgangan bilimlarini amalda sinab ko‘rish orqali o‘z malakasini oshiradi.
XXI asrning dastlabki yillarida asosan, o‘quvchilarning bilim, ko‘nikma va malakasini shakllantirishga e’tibor berildi. So‘nggi 5 yillikda esa ta’lim sohasiga “kompetensiya” tushunchasi kirib keldi. Kompetensiya - (lotincha; sompetens – “layoqatli, qobiliyati bor” ma’nolarini anglatadi) fan bo‘yicha egallangan nazariy bilim, ko‘nikma va malakalarni kundalik hayotda duch keladigan amaliy va nazariy masalalarni yechishda foydalanib, amaliyotda qo‘llay olishdir. Masalan, o‘quvchining ona tili fanidan olgan bilimlari hayotda turli vaziyatlarda - biror joyga ishga kirishda, ariza, tavsifnoma, ma’lumotnoma, ishonchnoma, tarjimai hol kabi hujjatlar bilan ishlashda, yaqinlariga maktub yozishda juda asqotadi. Bu o‘quvchida kompetensiyaning yaxshi shakllanganidan dalolat beradi.
Jamiyat taraqqiy etgani sari ro‘y berayotgan o‘zgarishlar darsliklarida ham o‘z aksini topdi. Eski darsliklarda o‘quvchining bilim, ko‘nikmasini shakllantiruvchi yoki xotirasini sinovchi topshiriqlar berilgan bo‘lsa, yangi darsliklarda, berilgan topshiriqlar o‘quvchining ongi, o‘qish savodxonligini oshirish, mantiqiy va tanqidiy fikrlash qobiliyatini rivojlantirish, bolaning tafakkurini uyg‘otadigan, dunyoqarashini kengaytiradigan topshiriqlar bilan boyitilgan. O‘quvchilar ushbu topshiriqlarni nafaqat bilimini boyitish maqsadida, balki katta qiziqish bilan bajaradilar.
Aziza Saydullayeva,
ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi.