Yangi g‘oyalar quyidan markazga tizimi orqali shakllantiriladi

O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasining siyosiy va saylovoldi dasturi muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi shu tamoyil asosida tashkil etildi.

Viloyat studiyasidan viloyat, tuman va shahar Kengashi deputatlari, partiyaning tuman (shahar) kengashi raislari, boshlang‘ich partiya tashkilotlari vakillari ishtirok etgan tadbirni Siyosiy Kengash raisi Narimon Umarov olib bordi.

Ta’kidlandiki, saylovoldi dasturi har tomonlama pishiq va puxta bo‘lishi, unda partiya a’zolari, boshlang‘ich tashkilotlar, deputatlik korpusi, faollar, ekspertlar, eng asosiysi, xalqimiz fikri asosida takomiliga yetkazilishi lozim. Shu maqsadda iyun-iyul oylari davomida “Fraksiya-markaz-viloyat-tuman” tizimi orqali barcha boshlang‘ich partiya tashkilotlarida dastur loyihasi keng muhokamadan o‘tkazildi. “Menda taklif bor” (#MendaTaklifBor) xeshtegi asosida ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining 100 dan ziyod takliflari olindi.

Videoseloktor yig‘ilishi ham bahs-munozaralarga boy bo‘ldi. Xususan, o‘rta ta’lim bitiruvchilarini oliy ta’lim muassasalariga iloji boricha ko‘proq qamrab olish to‘g‘risidagi taklif ko‘pchilik tomonidan ma’qullangan bo‘lsa-da, bir qator faollar hammani oliy ma’lumotli qilishni emas, bugungi kun talablariga javob beradigan kadrlar raqobatiga erishishni bosh maqsad qilish lozimligini ta’kidladi.

Viloyat hokimi o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Gavhar Alimova xotin-qizlar manfaatlari, ularning bandligini ta’minlash, huquqiy savodxonligini yuksaltirish masalalarida, oilalardagi qonuniy va shar’iy nikohlar haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirib, ba’zi bir qonunlar, jumladan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish taklifini bildirdi.

Tadbirda ta’lim va ilm-fan partiyaning asosiy yo‘nalishi hamda mamlakat kelajagining belgilovchi soha ekanligini inobatga olinib, oliy ta’lim va ilm-fan integratsiyasini yanada kuchaytirish, o‘zaro hamkorligini yaxshilash, ilm-fan yutuqlarini sanoat va ishlab chiqarishga joriy etish orqali iqtisodiyotni rivojlantirish ta’kidlandi.

Bildirilgan ko‘p sonli fikrlar asosida partiyaning mamlakat kelajagiga daxldor siyosiy va saylovoldi dasturini yanada takomillashtirishi, unda deklarativ mazmundagi jumlalardan butunlay voz kechib, sodda, tushunarli xalqona tarzda shakllantirish uchun uni joylarda atroflicha, chuqur muhokamalardan o‘tkazish belgilab olindi.

M.BABABEKOVA.