Yangi kitob: “Gazetada aks etgan tarix”

Gazeta – tarix va jamiyat ko‘zgusi. Shu bilan birga voqelikni aniq dalillar asosida, tahliliy yondashuvlar bilan yorqin bo‘yoqlarda aks ettiradigan ishonchli manba.

Shu bois insonlar dunyoni gazetalar orqali anglashga intilib kelgan. Bugun ham kishilar o‘z fikr-mulohazalarini, taklif va tashabbuslarini, jahonga, davlat hokimiyatiga, jamiyatga aytar so‘zini ana shu vosita orqali bildirishga harakat qilyapti.

Shu jihatdan “Gazetada aks etgan tarix” kitobi (Toshkent shahridagi “SAHHOF” nashriyotida chop etilgan) o‘quvchining yaqin tarixni bugun bilan solishtirishga, o‘z davrida yangilik bo‘lgan voqea-hodisalar bilan tanishishga chaqiradi. Unda Samarqand viloyatining bosh nashri - “Lenin yo‘li” (hozirgi “Zarafshon”) gazetasining 1949 yildan 1991 yilgacha chop etilgan sonlarida viloyat ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, madaniy-ma’rifiy va ilmiy hayotida sodir bo‘lgan voqea-hodisa, o‘zgarish va yangiliklarning qisqacha ma’lumoti berilgan.

Umuman olganda, mazkur risola Samarqand viloyatining Ikkinchi jahon urushi yillaridan mustaqillik yillarigacha bo‘lgan 40 yildan ziyod tarixiga qiziquvchilarga manba bo‘lib xizmat qiladi.