Yangi kitob: «Ko‘nglim»

Kubarro Bahromova Samarqand adabiy muhitining taniqli, tajribali vakillaridan biri. Bu ayol Oqdaryoning Yangiqo‘rg‘on qishlog‘ida shoira bo‘lib tug‘ilgan, desak, xato bo‘lmas.

Negaki, u maktabdayoq boshlagan ijodini to hanuz bir maromda davom ettirib kelmoqda.

Kubarro opadan hatto talabaligida she’rlarini devoriy gazetaga so‘rab olishardi. Bunday kamtarlik ulg‘ayganida ham u kishini tark etmadi, tahririyatlarda ishlaga­nida o‘zidan ko‘ra ko‘proq ijodkor singillari, ukalari mashq­larini berishga intildi. Mening ijodimga ham ana shunday g‘amxo‘rlik qilganlar. Hozirda ham har bir kitobimga, albatta, munosabat bildiradi. Ustozimiz Hamida Karimova so‘zboshida «Kubarroni shaxsan mening o‘zim ham dilrabo, ya’ni o‘ziga tortadigan, yoqimli insonday qabul qilaman. Bu narsa uning she’riyatga munosabatida ham muhim», deganida yuz karra haqdir.

K.Bahromovaning «Sahhof» nashriyo­tida chop etilgan «Ko‘nglim» to‘plamidagi she’rlar bu fikrlar isboti­dir. Ularda ayolning mehribon qalbidan tashqari yuksak insoniy fazilatlar sharhi o‘rin olgan. Muallif quvongan, tashvishli odamga ham bir xil munosabatda bo‘ladi, hayotga teran qarashga undaydi, salmoqli xulosalar chiqaradi:

Mayli, dunyo bo‘lsin biri kam,

Qo‘llab turgin ey, Hayot - onam!

Xullas, Kubarro opaning sakkizinchi kitobi ham sizni befarq qoldirmaydi, o‘qib, bahra olasiz. Muallifga esa ijodda jo‘shqinlik va oqilalik hamisha hamroh bo‘lishini istaymiz.

Farmon Toshev.