Yangi kitob: Mirzo Olim Devona Samarqandiy va uning “Ravzai asror” dostoni haqida

Olim Devona XIX asrning ikkinchi yarmida yurtimizda kamolga yetgan iste’dodli shoirlardan biri. Ammo o‘tgan vaqt davomida uning nomi ham, asarlari ham turli sabablar bilan ilmiy jamoatchilik e’tiboridan chetda qoldi. “O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Sharq qo‘lyozmalari to‘plami”ning  VII jildida Olim Devonaning mang‘it amirlaridan Amir Muzaffar hukmronligi davrida (1860-1885 yillar) amirlikda miroxur lavozimida xizmat qilgani va “Ravzai asror” dostonining muallifi ekanligi to‘g‘risida ma’lumot berilgan. Ijodkor nomi ayrim tazkiralarda ham qisqacha tilga olinadi. Ammo ta’kidlash kerakki, shu paytgacha shoirning hayot-faoliyati va ijod namunalari izchil tadqiq etilib, biror bir to‘plamda jamlanib, kitobxonlarga taqdim qilinmagan edi.

Filologiya fanlari nomzodi, adabiyotshunos olim Ismat Sanayev ko‘p yillik tadqiqot va izlanishlardan so‘ng shoirning ijodiy merosini jamlab, to‘plam shakliga keltirdi. Kitob “Sharq” nashriyotida “Ravzai asror” nomi bilan chop etildi.

Shoir  turkiy tildan tashqari arab, fors-tojik tillarida ijod qilgan zullisonayn ijodkor bo‘lgan. Uning hayoti va faoliyatiga bog‘liq ma’lumotlarga “Ravzai asror” asarida birmuncha oydinlik kiritilgan. Uning tug‘ilgan joyi haqida aniq ma’lumot yo‘q. Ammo Shahrisabz, Samarqand shaharlari zo‘r ishtiyoq bilan ta’riflanadiki, shoir ana shu manzillardan birida tavallud topgan, degan umumiy xulosaga kelish mumkin.

Olim Devonaning “Ravzai asror” asari Qur’oni karimdagi qissalarning eng go‘zali deya e’tirof etilgan “Yusuf” surasida bayon etilgan Yusuf va Zulayho voqeasi asosida yozilgan. 57 bob, 4538 baytdan tarkib topgan doston muqaddimasi hamd, na’t hamda voqealar tizmasidan iborat. Har bir bob nasriy sarlavhaga ega bo‘lib, u qissaning mohiyatini ochib berish uchun xizmat qiladi. G‘oyaviy jihatdan yuksak, badiiy jihatdan pishiq, hajman ancha yirik bo‘lgan bu asarni adabiyotshunoslik va manbashunoslik nuqtai nazaridan o‘rganish muhim ahamiyatga ega.

Sulaymon MARDIYeV.