Yangi kitoblar: Nusrat Rahmatdan “Saylanma”

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist, yozuvchi, birinchi darajali “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni sohibi Nusrat Rahmat bizga “Buni hayot debdilar”, “Jadid” romanlari, “Asqad Muxtor dedilar”, “Kalvak Maxsum nomalari”, “Men redaksiyadanman” kabi kitoblari bilan yaxshi tanish.

Yaqinda adib barcha asarlarini jamlab, uch jildlik “Saylanma”sini nashrga tayyorladi. Uning birinchi jildi chop etilib, o‘quvchilar qo‘liga yetib bordi. Unga “Fojia”, “Ayiq ergashtirgan amaki”, “Noma’lum odam hikoyasi”, “Noxush xayollar”, “Faqat xo‘roz haqidamas”, “Sanatoriyada” singari o‘nlab hikoyalari hamda keyingi yillarda yozgan dolzarb mavzudagi maqolalari kiritilgan.

Samarqand shahridagi “Mahorat” nashriyotida chop etilgan “Saylanma”dan o‘rin olgan asarlar voqea va badiiy to‘qimalarning mohirona tasvirlangani bilan sizni mutolaa qilishga chorlayveradi.

***

«Mungli ko‘zlar»

Tog‘aymurod Shomurodovni samarqandliklar iqtidorli jurnalist sifatida biladi. Shu vaqtga qadar uning «Jonning huzuri», «Xotinidan qo‘rqmaydigan odam», «Osmon qulagan kun», «Zamin farzandi», «Kechikkan uzr»  kabi kitoblari nashr etilgan.

Yaqinda ijodkorning «Mungli ko‘zlar» kitobi nashr etildi. Kitobda muallifning yigirmaga yaqin hikoyasi, mulohazalari va boshqa tillardan qilgan tarjimalari o‘rin olgan. «Non», «Xotira marosimi», «O‘gay ona», «Opa», «Taqdir tuhfasi», «Unutilgan vasiyat» hikoyalarida insoniy munosabatlar, inson irodasining hayot sinovlarida toblanishi  zamondoshlarimiz badiiy qiyofasida aks etsa, «Qalay, to‘y zo‘r o‘tdimi?», «Laqab zamirida kamsitish bor», «Obodonchilik fuqarolar faolligidan boshlanadi», «Ona tilimizga loqayd bo‘lmaylik» kabi maqolalarda turmushimizning bugungi kundagi og‘riqli masalalari haqida fikr yuritilgan.

Kitobda, shuningdek, tabiatning sirli mo‘’jizalari, afsonaga aylangan tarixiy haqiqatlar to‘g‘risidagi tarjimalar ham o‘rin olgan bo‘lib, kitobxon tafakkurini kengaytirishi, o‘tmishga oid bilimlarini boyitishi shubhasiz.

Tolib JO‘RAYeV.