Yangi kitoblar: "Yaxshiyam sen borsan", "Vatanni jonimdek asragin"

Dilorom Ismoilova asli samarqandlik, SamDUning o‘zbek-tojik filologiyasini tugatgan. Bugungi kunda Toshkent shahrida yashaydi.

Ijodkorning “Yuragimda gul shiviri”, “Rayhon isli kunlar”, “Sog‘inib ketdim”, “Mehribonim, qaydasiz?” kabi to‘plamlari bor.

Dilorom Ismoilova shoirlik yarim musavvirlikdir, deydi va o‘z tuyg‘ularini, kechinmalarini so‘z orqali ifodalasa-da, she’rlarida tabiat go‘zalliklarini nozik chizgilar asnosida tasvirlaydi. Poetik tili shirin. O‘qib, to‘ymaysan. Shoiraning yaqinda Toshkent shahridagi “Mashhur press” nashriyotida chop etilgan "Yaxshiyam sen borsan" yangi she’riy to‘plamidagi bitiklar musiqasi kitobxonlarni rom etishiga ishonamiz.

Yillar o‘tgani sayin inson o‘z ona Vataniga mahkam bog‘lanib, uning qadriga yetib boraveradi. Biz bunga shoiraning yana bir kitobi - "Vatanni jonimdek asragin" kitobidagi she’rlarini o‘qib, yana bir karra guvoh bo‘lamiz.

Dilorom Ismoilova ushbu kitobida vatan mavzusiga alohida to‘xtaladi. Tinchlik global masalaga aylanib borayotgan bir paytda ijodkor Allohdan shirin jonini qanday asrasa, ona Vatanini ham shunday asrashini so‘raydi. Uning samimiy, mehr ila yozgan she’rlari o‘quvchini befarq qoldirmaydi.