Yangi loyiha - “Jasorat maktabi”
Hududlarda profilaktik hisobda turgan hamda tarbiyasi og‘ir yoshlar qalbida harbiy-vatanparvarlik tuyg‘usini shakllantirish va ularni kasb-hunarga o‘qitish maqsadida yangi loyiha amalga oshirilmoqda.
“Jasorat maktabi” deb nomlangan mazkur loyiha doirasida Samarqand shahridagi Kichik mutaxassislarni tayyorlash markazida o‘quv yig‘ini o‘z faoliyatini boshladi. Unda viloyatning barcha shahar va tumanlaridan kelgan 100 nafar yosh ishtirok etmoqda.
Yig‘inda yoshlar uchun malakali mutaxassislar tomonidan kasb-hunar va tadbirkorlik sirlarini o‘rgatish bo‘yicha motivatsion treninglar, mahorat darslari tashkil etiladi.
- O‘quv yig‘inining birinchi kunidayoq katta taassurotlarga ega bo‘ldim, - deydi bulung‘urlik Eldorbek Sattorov. – Harbiy forma kiydik, tibbiy ko‘rikdan o‘tdik. 10 kun davomida kerakli bo‘lgan bilim va ko‘nikmalarni egallab, ishli bo‘lishni niyat qilganman. Bu yerda biz ham hunar o‘rganish, ham madaniy hordiq chiqarish imkoniyatiga ega bo‘lamiz.
Darhaqiqat, yig‘in doirasida psixologik mashg‘ulotlar, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, saf va jangovarlik tayyorgarligi, kinofilmlar namoyishi hamda Samarqand shahrining diqqatga sazovor joylariga sayohatlar tashkil etiladi.
Yig‘in yakunida ishtirokchilarga ishga joylashish va tadbirkorlik faoliyatini boshlashlari uchun maxsus sertifikatlar taqdim qilinadi.
Charos SAIDOVA,
Jasurbek ShUKUROV (foto).