Yangi loyihalar imkoniyatlari
Qishloq xo‘jaligiga kiritilgan investitsiyalar esa 91,1 milliard so‘mlik 7 loyihani o‘z vaqtida hayotga tatbiq etish imkonini berdi.
Savdogarlikdan ishlab chiqarishga
Davlatimiz rahbari tashrifi chog‘ida Samarqand tumanidagi "Sam Rafoat tekstil" mas’uliyati cheklangan jamiyati faoliyatini kengaytirish va ishlab chiqarish quvvatlarini oshirishga oid loyiha taqdim etilgan edi. Umumiy qiymati 43 milliard 700 million so‘mlik mazkur loyiha doirasida ayni paytda korxonada qurilish ishlari yakuniga yetkazilmoqda.
Ushbu loyiha tashabbuskori "Sam Rafoat tekstil" mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari, yosh tadbirkor Shuhrat Hamdamovdir.
– Tadbirkorlikni savdo-sotiq ishlari bilan boshlaganman, – deydi Shuhrat Hamdamov. – Xorijdan tekstil mahsulotlari olib kelib, Samarqanddagi bozorda sotardim. Yurtimizda tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan e’tibor, ishlab chiqarish sohasini rivojlantirish uchun berilgan imtiyozlar turtki bo‘lib, xorijdan mahsulot emas, texnologiya olib kelish harakatiga tushdim. 2010 yilda AQShdan zamonaviy texnologiya keltirib, baxmal ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydim. Ishimiz yurishib, mahsulotimizga ichki va tashqi bozorda tezda xaridor topildi. Lekin bozorni o‘rganish jarayonida bu mahsulotning eksport geografiyasi keng emasligini sezgach, 2014 yilda sochiq ishlab chiqarishni ham boshladik. Yaponiya, Belgiya, Italiya va Germaniyada ishlab chiqarilgan zamonaviy uskunalar har qanday o‘lcham va dizayndagi sifatli sochiq ishlab chiqarish imkoniyatini berdi. Natijada qisqa vaqtda tayyorlayotgan mahsulotimizning asosiy qismini eksportga chiqara boshladik.
150 kishi mehnat qilayotgan korxonada hozirda bir kunda 2200 kilogramm ip-kalavadan sifatli sochiq va baxmal tayyorlanmoqda. Mahsulotning qariyb sakson foizi eksport qilinadi. O‘tgan yil korxona tomonidan 300 ming dollarlik eksport shartnomalari muvaffaqiyatli amalga oshirilgan.
– Faoliyat boshlaganimdan buyon yurtimizda va xorijda o‘tkaziladigan sanoat yarmarkalarida ishtirok etib kelaman, – deydi Shuhrat "Mahsulotga xaridor topish qiyin emasmi?", degan savolimizga javoban. – "O‘zto‘qimachilik sanoat" uyushmasi, Savdo-sanoat palatasi a’zosiman.
Ular tomonidan tashkil etiladigan har bir seminar, xalqaro tadbirlarda qatnashaman. Hamkorlarimning aksariyatini ana shunday yarmarka va tadbir orqali topganman. Jumladan, hozirda Rossiyaga chiqarilayotgan mahsulotga xaridorlar bilan o‘tgan yil Moskvada o‘tkazilgan yarmarkada shartnoma tuzganmiz. Keyingi ikki yil davomida Ukrainadagi bozorni o‘rganib, joriy yilda ushbu davlatda o‘z savdo uyimizni ochishni rejalashtirganmiz. Shuningdek, aprel oyida Belarus Respublikasida tashkil etiladigan xalqaro sanoat yarmarkasida qatnashish niyatidamiz.
Korxonaning ikkinchi liniyasi uchun Yaponiyadan eng so‘nggi rusumdagi zamonaviy texnologiyalarni keltirish bo‘yicha shartnomalar imzolaganmiz. Hamkorlarimiz uskunalarni shu yilning iyun oyigacha yetkazib berishadi. Ungacha biz ham qurilish ishlarini yakuniga yetkazib, yilning ikkinchi yarmida ishlab chiqarish hajmini keskin oshiramiz. Ana shunda korxonamiz kuniga 6,5 tonna mahsulot tayyorlash quvvatiga ega bo‘ladi. Yuzdan ortiq yangi ish o‘rni yaratiladi. Eng muhimi, eksport salohiyatimiz hozirgidan bir necha barobar yuqori bo‘ladi.
"OQ Amur baliQlari" intensiv texnologiya asosida ishlaydi
Tumandagi "Oq Amur baliqlari" fermer xo‘jaligi viloyatimizdagi baliqchilik xo‘jaliklari orasida o‘z o‘rni, mavqeiga ega.
2009 yilda bitta sun’iy suv hovuzida baliq yetishtirish bilan ish boshlagan xo‘jalik bugungi kunda o‘nga yaqin hovuzda "luqmai halol" tayyorlamoqda. Fermer tomonidan o‘tgan yil 108 tonna baliq, 25 tonna baliq chavoqlari yetishtirildi.
– Prezidentimizning 2017 yil 1 maydagi "Baliqchilik tarmog‘ini boshqarish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi Qarori soha rivojida muhim qadam bo‘ldi, – deydi "Oq Amur baliqlari" fermer xo‘jaligi boshlig‘i o‘rinbosari Maqsud Akramov. – Qarorga muvofiq, "O‘zbekbaliqsanoat" uyushmasi va uning tarkibida joylarda baliqchilik tarmog‘i tashkilotlari ishlarini muvofiqlashtiruvchi hududiy "Baliqsanoat" mas’uliyati cheklangan jamiyatlari tashkil etildi. Xususan, Samarqand "Baliqsanoat" mas’uliyati cheklangan jamiyati bizning xo‘jaligimiz hududida faoliyat boshladi.
Mazkur qarorda belgilab berilgan vazifalar asosida xo‘jaligimizda ham baliq mahsulotlari ishlab chiqarishni rivojlantirish, baliq chavoqlarini ko‘paytirish va ozuqa bazasini mustahkamlash, suv havzalari resurslaridan oqilona foydalanish, shuningdek, baliq yetishtirish jarayoniga ilmiy asoslangan usullarni va intensiv texnologiyalarni joriy etishga alohida e’tibor qaratildi. Bu borada xorijiy tajribani o‘rganish maqsadida fermer xo‘jaligimiz yetakchisi Vetnam, Indoneziya va Malayziyada bo‘lib, sohani rivojlantirish yuzasidan olib borilayotgan ishlar bilan tanishib qaytdi.
Ayniqsa, Vetnam davlatida intensiv texnologiya asosida baliq va baliq chavoqlari yetishtirish usullari e’tiborni tortgach, mazkur texnologiyani o‘zimizda ham joriy etishga qaror qildik. Shu asosda intensiv usulda baliq parvarishlashga mo‘ljalangan oltita sun’iy suv havzasi, baliq ko‘paytirish inkubatsiya sexlari, omixta yem tayyorlash, 300 tonnalik sig‘imga ega muzlatkichli omborxona, baliqni qayta ishlash va saqlashga mo‘ljallangan joylar tashkil etishni o‘z ichiga olgan loyiha ishlab chiqildi. Ushbu loyiha davlatimiz rahbari tomonidan ham ma’qullangach, uni amalga oshirishga kirishildi.
Loyihani hayotga tatbiq etish maqsadida "Ipoteka bank" tomonidan fermer xo‘jaligiga 5 milliard 230 million so‘m kredit ajratildi. Bugungi kunda intensiv usulda baliq yetishtirishga mo‘ljallangan sun’iy suv havzalari tashkil etish yakuniga yetkazilgan. Inkubatsiya sexlari, omixta yem tayyorlash va muzlatkichli omborxona, ishchilar uchun turarjoylar qurilishi ham yaqin orada yakunlanadi. Omborlar uchun esa xorijdan zamonaviy texnologiyalar keltirib o‘rnatish bo‘yicha kelishuvlarga erishilgan.
– Loyiha amalga oshgach, ushbu hovuzlarning o‘zida yiliga 300 tonna baliq yetishtirish imkoniyati yaratiladi – deydi M.Akramov. – Shuningdek, viloyatimizdagi baliqchilik xo‘jaliklarini chavoq bilan ta’minlash ko‘rsatkichlari ham ancha oshadi.
Mazkur loyihalardan tashqari, bugungi kunda tumanda intensiv yong‘oqzorlar tashkil etish uchun "Samarqand meva-sabzavotlari" mas’uliyati cheklangan jamiyatiga 14,6 gektar, "Mironqul meva-sabzavotlari" MChJga 159 gektar yer maydonlari ajratilib, ko‘chat ekishga tayyorlangan. "Maroqand parranda" parrandachilik korxonasi negizida esa 2 million bosh kurka boqishga mo‘ljallangan loyiha amalga oshiriladi. Buning uchun korxonaga yer maydoni ajratilgan.
Folib HASANOV,
Alisher ISROILOV (foto).
Tumandagi yigirmaga yaqin eksportyor sanoat korxonalari tomonidan shu yilning yanvar oyida qariyb 1 million dollarlik mol-mahsulot eksport qilingan bo‘lsa, yil yakuniga qadar jami 11 million 195 ming AQSh dollari miqdoridagi mahsulot xorijga chiqarilishi kutilyapti.