Yangi Mehnat kodeksi: mehnat shartnomasi, ishdan bo‘shatish, ta’til, kasallik, homiladorlik va tug‘ish ta’tillari. Bu haqda nimalarni bilish kerak?
Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Samarqand viloyati filiali hamda Yuristkadr loyihasi hamkorligida “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros universitetida viloyatdagi davlat organlari va tashkilotlari hududiy boshqarmalari kadrlar xizmati rahbar va xodimlari uchun amaliy o‘quv-seminar tashkil etildi.
O‘quv-seminarda 2023 yilning 30 aprelidan kuchga kirgan yangi Mehnat kodeksi, mehnat shartnomasini bekor qilish, Oliy sud Plenumining 2023 yil 20 noyabrdagi 26-sonli qarori mazmun-mohiyati tegishli moddalari yuzasidan batafsil tushunchalar berildi. Unda boshqarmalar va ularning hududiy bo‘limlarining 250 dan ziyod inson resurslarini rivojlantirish va boshqarish bo‘limlari mas’ullari ishtirok etdi. Ular yangi Mehnat kodeksida belgilangan mehnat shartnomasi, ishdan bo‘shatish, ta’til, kasallik, homiladorlik va tug‘ish ta’tillari bilan bog‘liq masalalar, ularni amaliyotda qo‘llash tartiblari bo‘yicha o‘zaro fikrlashdi.
Seminarda faol ishtirok etgan inson resurslarini boshqarish bo‘limi mas’ul rahbarlariga filial hamda Yuristkadr loyihasi rahbari Saidali Muxtoraliyev tomonidan esdalik sovg‘alari taqdim etildi.
- Ishtirokchilarda yangi mehnat qonunchiligiga bo‘lgan qiziqish juda yuqori ekanligi meni quvontirdi, - dedi Saidali Muxtoraliyev. - Buni o‘zaro savol-javoblar naqd 4 soat davom etganidan ham anglash mumkin. Muhimi, 2022 yil 28 oktyabrda qabul qilingan 798-sonli qonun bilan tasdiqlangan yangi Mehnat kodeksi 2023 yilning 30 aprelidan kuchga kirdi. U davlat, rahbar va xodimlar manfaatlarini muvozanatlash maqsadida individual mehnat va ijtimoiy munosabatlarni tartibga soladi.
Kunning ikkinchi yarmida ishtirokchilar uchun viloyat musiqali drama teatrida «Layli va Majnun» spektakli namoyish etildi.
B.Yuldasheva,
Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Samarqand viloyati filiali inspektori.