“Yangi nafas” musobaqasida Samarqanddan 8500 nafardan ziyod havaskor ishtirok etishi kutilmoqda
Vatanimiz mustaqilligining 32 yilligi munosabati bilan shu yilning 3 sentyabr kuni mamlakatimizning 16 shahrida “Bir Vatanda, bir vaqtda, bir masofaga, bir maqsadda – birga yuguramiz!” shiori ostida havaskorlar o‘rtasida “Yangi nafas” ommaviy yugurish musobaqasi o‘tkaziladi.
Mazkur musobaqa Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Yoshlar ishlari agentligi, “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati va boshqa tashkilotlar ko‘magida Yengil atletika federatsiyasi tomonidan tashkil etilmoqda.
Samarqand shahrida ushbu musobaqaga tayyorgarlik ishlariga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Unda viloyat hokimining o‘rinbosari Rustam Qobilov, Yoshlar siyosati va sport vazirligi boshqarma boshlig‘i Sanatilla G‘ulomnazarov, Yengil atletika federatsiyasi ijrochi direktori Shuhrat Usmonov hamda musobaqa o‘tkaziladigan shaharlar hokimliklari mas’ullari ishtirok etdi.
Ta’kidlanishicha, barcha hududlarda sport tadbirini o‘tkazishga faol tayyorgarlik ishlari olib borilgan. Yugurish musobaqalari o‘tadigan Toshkent, Nukus, Nurafshon, Guliston, Andijon, Namangan, Farg‘ona, Jizzax, Samarqand, Navoiy, Buxoro, Qorovulbozor, Termiz, Qarshi, G‘uzor va Xiva shaharlarida kecha trassaning tayyorligi tekshirilgan, ta’mirlash ishlari o‘tkazilib, mavzuga doir bannerlar tayyorlangan. Ommaviy yugurish musobaqasi ishtirokchilari uchun kiyim formasi ishlab chiqilgan.
Musobaqalar ertalab soat 06:30 da shaharlarning markaziy ko‘chalarida 3 kilometr masofaga, Toshkentda esa 3 va 10 kilometr masofaga boshlanadi.
– “Yangi nafas” sport harakati bu yili yangi miqyosga chiqdi va xalqaro sport tadbiri maqomiga ega bo‘ldi, – deydi Yengil atletika federatsiyasi ijrosi direktori, “Yangi nafas” tashkiliy qo‘mitasi a’zosi Shuhrat Usmonov. – Biz bu qadam bilan birdaniga bir necha masalani qamrab olamiz – ommaviy sportni rivojlantiramiz, yugurish havaskorlarini mamlakatning turistik salohiyati bilan tanishtiramiz va katta sport tadbirlarini tashkillashtirish borasida tajriba almashamiz. Musobaqada Tojikiston, Qozog‘iston va Qirg‘izistonning yugurish klublaridan a’zolar faol ishtirok etib kelmoqda. Bu gal Turkmanistondan ham mehmonlar kelishi kutilmoqda. Umuman, 3 sentyabr kuni yurtimizdagi 16 shaharida 100 mingdan ziyod havaskor yuguruvchi “Yangi nafas”da ishtirok etishi kutilmoqda.
Samarqand shahrida yugurish musobaqasi “Silk Road Samarkand” xalqaro turizm markazida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
- Musobaqaga 8500 nafardan ortiq yuguruvchi ishtirok etishi kutilmoqda, - deydi viloyat hokimining o‘rinbosari Rustam Qobilov. - Tadbirga 30 nafar hakam, 150 nafardan ortiq volontyorlar jalb qilinadi. Shuningdek, nogironligi bo‘lgan yuguruvchilar, “daftar”larga kiritilgan fuqarolar uchun kvotalar ajratiladi. Ishtirokchilar o‘rtasida 12 ta o‘rin, 6 ta nominatsiya bo‘yicha g‘oliblar aniqlanadi.
Matbuot anjumanida jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga mas’ullar tomonidan batafsil javob berildi.
Fazliddin Ro‘ziboyev.