“Yangi O‘zbekiston strategiyasi” kitobida keyingi 5 yillik marralar o‘z aksini topgan

Samarqand viloyat transport boshqarmasida davlatimiz rahbari tomonidan chop etilgan “Yangi O‘zbekiston strategiyasi” kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Samarqand shahar kengashi tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur uchrashuvda partiya Samarqand shahar Kengashi raisining birinchi o‘rinbosari, apparat rahbari Hasan Xo‘jaqulov so‘zga chiqib, keyingi yillarda yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar “Hammasi xalq uchun” g‘oyasi ostida bajarilayotganligi, bugun har bir fuqaro o‘z hayotida ijobiy o‘zgarishlarni his etayotganini ta’kidlar ekan, davlatimiz rahbarining “Yangi O‘zbekiston strategiyasi” kitobida keyingi 5 yilda amalga oshiriladigan strategik yo‘l aniq va ravshan bayon etilganligini qayd etdi.

- Biz o‘tgan 5 yil davomida katta marralarni bosib o‘tdik, - dedi O‘zLiDeP viloyat kengashi bo‘lim mudiri Qodir Shoyimov. -  Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy himoya, konvertatsiya masalalari, aholi murojaatlari bilan ishlash, ta’limni isloh qilish borasida erishgan yutuqlarimiz nafaqat xalqimiz, balki dunyo hamjamiyati  tomonidan e’tirof etilmoqda.

Tadbirda O‘zLiDeP faollari partiyaning dasturiy maqsad va vazifalari haqida yig‘ilganlarga tushunchalar berdi.

O‘zLiDeP viloyat kengashi axborot xizmati.