Yangi qonun targ‘iboti ishchi-xodimlarni bahamjihat faoliyatga undaydi

Toyloq tumanidagi agrotadbirkorlik kasb-hunar kollejida “Kasaba uyushmalari to‘g‘risida”gi Qonunning ijrosi, mazmun-mohiyatini o‘rganishga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda mazkur qonun ishchi-xodimlarning ijtimoiy-mehnat huquqlarini himoyasini kuchaytirishga, fuqarolarning kasaba uyushmalariga birlashishini ta’minlashga xizmat qilishi xususida so‘z bordi.
«Kasaba uyushmalari to‘g‘risida”gi Qonun 2019 yil 6 dekabrda qabul qilingan bo‘lib, oradan 3 oy o‘tgach, kuchga kirishi belgilangan. Dastlabki “Kasaba uyushmalari, ularning huquqlari va faoliyatlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonun 1992 yil 2 iyulda qabul qilingan. U 3 ta bob va 22 ta moddadan iborat edi. Unga 2001 yilda va 2016 yilda qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilgan bo‘lsa-da, asosan deklorativ xarakterda edi. Aniq to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiluvchi huquqiy normalar deyarli keltirilmagandi. Yangi qonun 9 ta bob 56 ta moddadan iborat bo‘lib, bir qator aniq, to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiladigan normalarni o‘z ichiga olgan.
Shuningdek, seminarda Xalqaro Mehnat tashkilotining Konvensiyalariga mos ravishda kasaba uyushmalarining huquq va vakolatlarini kengaytirish, kasaba uyushmasiga birlashish imkoniyatlari, ularni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni soddalashtirish, mehnat inspeksiyalarini qayta tiklash, ijtimoiy sheriklik xamda jamoatchilik nazoratini amalga oshirishni tartibga soluvchi normalarni qonuniy mustahkamlash masalalari haqida tushunchalar berildi.
Xuddi shunday seminar Past Darg‘om tumani “Juma paxta tozalash zavodi” aksiyadorlik jamiyatida ham o‘tkazildi.
Usmon KARIMOV,
viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi kengashi bo‘lim mudiri.