Yangi Soliq kodeksi imkoniyatlari Davlat soliq qo‘mitasi raisi Bekzod Musayev ishtirokida o‘rganildi

Kecha xabar berganimizdek, Samarqand shahridagi Yoshlar markazida O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi raisi Bekzod Musayev ishtirokida seminar o‘tkazildi.

Ko‘rgazmali tarzda tashkil etilgan seminarda davlat soliq idoralari mas’ul xodimlari, viloyatda faoliyat yuritayotgan ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish korxonalari rahbarlari, tadbirkorlar, hisobchilar ishtirok etdi.

Dastlab B.Musayev yangi tahrirdagi Soliq kodeksining mazmun-mohiyati, soliq qonunchiligidagi o‘zgarishlar haqida so‘z yuritdi. So‘ngra soha mutaxassislari maxsus ko‘rgazmali vositalar, videoroliklar orqali o‘zgarishlarni tahlil qildi.

 - Bugungi seminardan faoliyatim uchun ko‘p narsa oldim, tadbir biz uchun juda foydali bo‘ldi, – deydi tadbirkor Murod Xushvaqtov. Yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan aylanmadan soliq to‘lash tartibidagi o‘zimni qiziqtirgan savollarga javob oldim.

Davlat soliq qo‘mitasi raisi B.Musayev Samarqand shahrida faoliyat yuritayotgan “Samarkand Euro Asia textle” mas’uliyati cheklangan jamiyati va «Tuft and grass» qo‘shma korxonalarida ham bo‘ldi va bu yerdagi ishlab chiqarish jarayonlari bilan tanishdi. Tadbirkorlarga soliq imtiyozlari bo‘yicha tushunchalar berdi, ularning takliflarini tingladi.

- 2020 yildan elektron hisobvaraq-fakturadan foydalanish joriy etilishi ortiqcha qog‘ozbozliklarni kamaytiradi, - deydi «Tuft and grass» qo‘shma korxonasi bosh hisobchisi Umid Soliyev. - Shuningdek, elektron hisobvaraq-fakturalar mahsulotlarimiz qayerda yaxshi sotilayotganligini, qaysi mahsulotga talab yuqoriligini monitoring qilish imkonini ham beradi.

Davron RAVShANOV,

Samarqand viloyati davlat soliq boshqarmasi axborot xizmati rahbari.