Yangi tahrirdagi Soliq kodeksida qanday o‘zgarishlar bor?

Viloyat davlat soliq boshqarmasi va Jomboy tumani hokimligi hamkorligida O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Soliq kodeksi mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan seminar o‘tkazildi.
Mamlakatimizda soha tubdan isloh qilinmoqda. 2019 yil 30 dekabrda qabul qilingan qonunga muvofiq, 1 yanvardan soliqqa tortish tizimida qator tartiblar o‘zgartirildi. Natijada, Soliq kodeksi tarkibi 71 bob, 480 moddaga yetdi. Endilikda, mamlakatimizda jismoniy va yuridik shaxslar 9 turdagi soliq to‘lovlarini amalga oshiradi. Qayd etish joizki, avvalgi tartibga ko‘ra, soliq turlari 13 tani tashkil etgan.
Seminar davomida Jomboy tumani davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i Sh.Azamatov yakka tartibdagi tadbirkorlar, kichik va o‘rta biznes boshqaruvchilari, korxona, tashkilot va muassasa hisobchilariga bu borada batafsil tushuncha berdi.
– Islohot zamirida qonunchilikni soddalashtirish, ziddiyat va qarama-qarshiliklarga barham berish, insofli soliq to‘lovchilarni qo‘llab-quvvatlash, rag‘batlantirish, soha mexanizmini takomillashtirish maqsad qilingan, – deydi Sh.Azamatov. – Qabul qilingan yangi tahrir, ayniqsa, tadbirkorlar uchun qo‘shimcha qulaylik yaratadi.
Tadbir davomida tuman hokimining iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari M.Ismoilov amalga oshirilayotgan islohot haqida o‘z fikrlarini bildirdi. Ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutasaddilardan javob olishdi.
Seminarda tuman hokimi H.To‘ychiyev hamda 3-sektor rahbari S.Shavmanov qatnashdi.