Yangi turdagi koronavirus inson organizmiga 2012 yilda moslashgan bo‘lishi mumkin

Bu haqda The Sun agentligi AQShlik mutaxassislar, virusolog Jonatan Latem va biolog Ellison Uilsonlar taqdim etgan ma’lumotlarga tayanib xabar berdi.

Tadqiqotchilar, 2012 yilda Xitoyning Yunnan provinsiyasida ikki hafta davomida ko‘rshapalak qoldiqlaridan tog‘ konini tozalab kasallangan konchilarni davolagan shifokor qaydnomalarini aniqladilar. Bemorlarda COVID-19 infeksiyasi oqibatida yuzaga keladigan xastalik alomatlari kuzatilgan: pnevmoniya, quruq yo‘tal, bo‘g‘inlardagi og‘riqlar va yuqori tana harorati. Bemorlarni O‘SV uskunasiga ulashga majbur bo‘lishgan va oxir oqibat olti nafar konchidan uch nafari vafot etgan.

Konchilar tahlil namunalari Uxandagi laboratoriyaga yuborildi, laboratoriyada ular atipik pnevmoniyaga o‘xshash koronavirus infeksiyasi bilan kasallangani aniqlandi. Tadqiqodchilarning fikriga ko‘ra,  yuqorida keltirilgan ma’lumotlardan kelib chiqib, COVID-19 inson organizmiga oldindan moslashgan deyilishiga asos bor.

Rossiya Fanlar Akademiyasi akademigi, Sechenov universitetining mikrobiologiya, virusologiya va immunologiya kafedrasi mudiri Vitaliy Zverev ilgari surilgan yangi faraz yuzasidan RBK agentligiga o‘z fikrini bildirdi. 

“Uxan  - bu koronavirus birinchi marta aniqlangan joy, biroq bu fakt u aynan o‘sha yerda paydo bo‘lganini va insonlar orasiga kirganini anglatmaydi. Inglizlar ham ularda shunga o‘xshash holatlar kuzatilganini ta’kidlagan edilar”, - dedi u. Uning so‘zlariga ko‘ra, xitoylik konchilar aynan yangi turdagi koronavirus infeksiyasi bilan kasallanganlarini  aniqlashning yagona yo‘li, bu virusni o‘sha vaqtda aniqlanishi va tavsiflanishi bo‘lar edi.