Yangi yil tilagi

Isomiddin PO‘LATOV - “Jomboy tongi” gazetasi muharriri:
- Hozir qo‘lingizda gazeta turibdi. Uni varaqlayapsiz, o‘qiyapsiz. Qaysidir yangilikni oldingiz, qo‘shningiz, hamkasbingiz bilmagan narsani bildingiz. Demak, sizni tabriklash mumkin. Shu muddatni havoga sovurilgan onlardan biriga aylantirmaganingiz uchun.
2018 yil bosma nashrlar uchun isloh yili bo‘ldi. Avvaldan so‘ziga ega bo‘lgan gazeta-jurnallar yanada dadillashdi, bundayroqlari esa bu tarzda ishlab bo‘lmasligini tushundi. Chunki tanlov gazetxonning o‘ziga qoldirildi. Aynan mana shu erkin tanlov xalqimiz uchun ham, OAV xodimlari uchun ham sinov bo‘ldi. Yillab mudragan nashrlar uyg‘onib, xalqning dardini ko‘tarib chiqa boshladi, achchiq-achchiq yoza boshladi, tahlillar, tanqidlar ko‘paydi.
Majburlovning hamma turi odamga malol keladi. Hatto u gazeta yoki kitob bo‘lsayam. Shunday ekan, Siz boshqalardan farqli o‘laroq mutolaaga kimningdir majburlovi bilan emas, o‘zingizning ichki talabingiz, majburiyatingiz, deb jazm qilganingiz uchun rahmat.
Niyatimiz, endi muharrirlar, jurnalistlar obuna uchun boshini qotirmasin, aksincha o‘qishli, kishilarni mulohazaga chorlovchi o‘tkir maqolalar yozsin. Yangi yilda xonadoningizga gazeta, jurnal kirib borsin. Farzandlaringiz, yaqinlaringiz madaniyatni, ma’rifatli bo‘lishni sizdan o‘rgansin. Sizga o‘xshasin!