Yangi yil archalari Samarqand shahrining qaysi hududlarida o‘rnatilyapti?

Sanoqli kunlardan so‘ng 2023 yil kirib keladi. Yangi yilni ko‘tarinki kayfiyatda qarshi olish, “Prezident archasi” tadbirlarini tashkil etish uchun viloyatda tayyorgarlik ishlari boshlanib ketdi.

Samarqand shahrining Ko‘ksaroy maydoni, Temiryo‘l vokzali hududi, Alisher Navoiy ko‘chasi, Sartepa va Qorasuv massivlarida, shuningdek, Farhod, So‘lim va Kimyogarlar shaharchasida ulkan archalar o‘rnatilmoqda.

Aholiga xushkayfiyat ulashish maqsadida bayram arafasida yo‘lovchi tashish transportlarni Yangi yil bayrami qahramonlari kiyimidagi 200 nafar haydovchi boshqarishi rejalashtirilgan.

Shaharning markaziy ko‘chalarida joylashgan korxona va tashkilotlar, savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalarini bayram ruhida bezash ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, barcha bozorlarda tort va shirinliklar yarmarkalari tashkil etiladi.