Archalar nega quvrayapti?

- Ko‘cha bo‘ylariga archa ekkandik, negadir quvrab qolyapti. Bu kasallikmi yoki suvsizlikdan shunday bo‘ladimi? Buning oldini olish uchun nima qilish kerak?

A.Zokirov,

Samarqand tumani.

- Bu savolni bugungi kunda ko‘pchilik yo‘llamoqda. Chunki bu bor gap.

Igna bargli o‘simliklarda har yili aprel-may oylarida kuzatiladigan “Archa unsimon qurti” tushishi natijasida o‘simlik quvrab boshlaydi. Zararkunandaning lichinka va urg‘ochilari archaning novdalari va barglarini so‘rib zarar yetkazadi va ular barcha yer ustki qismlari bilan oziqlanadi. Bu zararkunanda aniqlangan joydagi archani boshqa joyga ko‘chirish mumkin emas. Zararkunanda bilan jiddiy shikastlanib qurish holatiga kelib qolgan daraxtlarni kesib, unsimon qurt keng tarqalmasligi uchun ularni o‘sha joyning o‘zida yoqish shart.

Agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida va to‘liq bajarish (fosforli, azotli, mikroelementlar Master, Kropsheld, Vegrutlar bilan oziqlantirish) lozim. Kimyoviy preparatlardan “Bi-58”, “Bagira” va “Atilla”dan foydalanish tavsiya qilinadi. Ushbu preparatlarni zararkunandalarning paydo bo‘lishi bilan birinchi ishlov o‘tkaziladi va zararkunanda butkul yo‘qolguncha har o‘n besh kunda kimyoviy ishlov berish kerak.

Darvoqe, inspeksiyamiz viloyat hududidagi yo‘l bo‘ylari, o‘rmon xo‘jaliklari va boshqa yashil maydonlarda parvarish qilinayotgan igna bargli, manzarali daraxt va butalarga katta zarar yetkazayotgan “Archa unsimon qurti”ga qarshi kurashish bo‘yicha “Dolzarb o‘n besh kunlik” e’lon qilinib, tadbirlar o‘tkazilmoqda.

Savolga viloyat “O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi” axborot xizmati rahbari Akram Fozilov javob berdi.