Archa bezashni o‘zbeklar o‘ylab topganmi?
Archa bezash odatining kelib chiqishini nasroniylik bilan bog‘lash to‘g‘ri emas. E’tibor bersangiz, archa Falastinda ham, Misrda ham o‘smaydi! O‘rta Yer dengizi atrofida yashagan birinchi nasroniylar (xristianlar) oq ayiq yoki kenguruni ko‘ra olmagani singari archani ko‘rishlari mumkin bo‘lmagan.
Archa o‘zbeklarning qadimgi ajdodlari bo‘lgan xalqlar tomonidan uch burchak shaklidagi doimo Ko‘kka ishora qiluvchi muqaddas og‘och (daraxt) sifatida e’zozlangan. Sibir, Oltoy atrofida 3 ming yildan oldin ham qadimgi turklar archaga bag‘ishlab bayramlar o‘tkazishgan, uni uyga “taklif” qilib, turli narsa-matolar bilan bezashgan, atrofida chiroqlar yoqishgan. Hanuzga qadar o‘zbeklar orasida saqlanib qolgan urf - ziyoratga borilgan joydagi daraxtga rangli ip bog‘lash odati shundan qolgan.
Turklarning “Qor bobo”si ham bo‘lgan. Ayoz bobo degan oqsoqolning qadimgi varianti oq soqoli oyog‘iga tushib turadigan Tengri bobo bo‘lgan degan tushuncha mavjud.
Ruslar “yolka” degan archa asli “yel”dir. Ahamiyatlisi, unga o‘xshash sadr yoki qarag‘ay (kedr, sosna) bu bayramga aloqasiz deb bilinadi. Balki bu termin nafaqat turkcha “el” balkim, osmonga intilgan “yo‘l”ni ham anglatar.
Qadimgi turklar 25 dekabr kuni yoz va qish munozarasining yoz foydasiga o‘zgarganini nishonlab bayram qilishgan va ulkan archa atrofida aylanishgan (elimiz orasida saqlanib qolgan “boshingdan aylanayin”, “aylanay”, “o‘rgilay” kabi tushunchalarning ildizlari shu marosim bilan bog‘liq bo‘lsa, ajab emas). Archa atrofida aylanib “karavay-karavay” aytildigan ruscha marosim qo‘shig‘ida asli shu turkiycha odatning saqlanib qolganligidan bir nishonadir.
Archa mangu yoshlik, ezgulik va yuksaklikka intiluvchi kuchlar ramzidir. Ko‘ngilni xijil qilmay, archa bezab bolajonlarni quvontiring, kirib kelayotgan Yangi yilni yaxshi niyatlar bilan kutib oling!
Erkin MUSURMONOV.