Archa bezatishni kimlar boshlagan?
Yangi yil bayramida archa bezashni hozir ayrimlar zo‘r berib nasroniylik bilan bog‘lashga urinayotgan bo‘lsa-da, aslida buning nasroniylikka hech qanday aloqasi yo‘q!
E’tibor bersangiz, archa nasroniylik yuzaga kelgan Falastinda ham, Misrda ham o‘smaydi. O‘rta Yer dengizi atrofida yashagan birinchi nasroniylar (xristianlar) oq ayiq yoki kenguruni ko‘ra olmagani singari archani ko‘rishlari mumkin bo‘lmagan.
Qadimgi turklarda archa uch burchak shaklida doimo yaratuvchi sanalgan Ko‘k Tengri makoni – Osmonga ishora qiluvchi qutlug‘ og‘och (daraxt) sanalgan. Turklar uch ming yillar avval ham Sibir, Oltoy atrofida archaga bag‘ishlab bayramlar o‘tkazishgan, uni uyga “taklif” qilib, turli narsa-matolar bilan bezatgan, atrofida chiroqlar yoqqan, raqsga tushgan. Hanuzga qadar saqlanib qolgan urf – ziyoratga borilgan joydagi daraxtga rangli ip bog‘lash odati shundan qolgan.
Turklarning “qor bobo”si ham bo‘lgan. Ayoz bobo deyilgan oqsoqolning qadimgi varianti oq soqoli oyog‘iga tushib turadigan Ulkan bobo ko‘rinishida edi.
Ruslar “yolka” degan archa asli “yel” daraxtidir. Ahamiyatlisi, unga o‘xshash sadr yoki qarag‘ay (kedr, sosna) bu bayramga aloqasiz, deb hisoblanadi. Bu termin nafaqat turkcha “el” (xalq)ni, balki ko‘kka intilgan “yo‘l”ni ham anglatadi.
25 dekabr kuni qadimgi turklar yoz va qish munozarasining yoz foydasiga o‘zgarganini nishonlab bayram qilishgan va ulkan archa atrofida aylanishgan (boshingdan aylanayin, aylanay tushunchalari shundan qolgan). Archa atrofida aylanib “karavay-karavay” aytildigan ruscha marosim qo‘shig‘ida asli shu turkcha odatning saqlanib qolganligini ko‘rish mumkin.
Erkin Musurmonov,
SamDU professori.