Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Archa qurishiga nima sabab bo‘ladi?

Hozirgi kunda Samarqand shahridagi yo‘l bo‘ylari, xiyobonlar, tashkilot idoralarining atroflari va dam olish maskanlaridagi daraxtlarning aksariyat qismini archa tashkil etadi. Biroq keyingi paytlarda archalarda qurib qolish holatlari kuzatilmoqda. Xo‘sh, buning sababi nimada?

Kuzatishlarga ko‘ra, hozirgi paytda iqlim o‘zgarishi va haroratning me’yordan ortiq darajada ko‘tarilishi tufayli “Archa unsimon” qurti kasalligi tez rivojlanish hollari ko‘paymoqda. “Archa unsimon” qurti zararkunandaning lichinka va urg‘ochilari archaning novdalari va barglarini so‘rib zarar yetkazadi va ular barcha yer ustki qismlari bilan oziqlanadi. Kattaligi 2-3 millimetr bo‘lgan bu qurt sarg‘ish, qizg‘ish, kulrang tusda bo‘lib, mart-aprel oylarida paydo bo‘ladi. Ularning tuxum qo‘yishi may-iyun oylarida kuzatilib, o‘rtacha 280 tagacha tuxum qo‘yadi.

“Archa unsimon” qurtini, avvalo, ichki karantin ahamiyatiga molik zararkunanda sifatida ro‘yxatga olib, qurt tarqalgan joylar va hududlar aniqlanishi hamda bu joylardan archa ko‘chatlarini boshqa joyga ko‘chirish mumkin emas. Zararkunanda bilan jiddiy shikastlanib qurish holatiga kelib qolgan daraxtlarni kesib, unsimon qurt keng tarqalmasligi uchun ularni o‘sha joyning o‘zida yoqish shart. Qolaversa, agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida va to‘liq bajarish (fosforli, azotli, mikroelementlar Master, Kropsheld, Vegrutlar bilan oziqlantirish) lozim.

Kimyoviy preparatlardan “Bi-58”, “Bagira”, va “Atilla”dan foydalanish tavsiya qilinadi. Ushbu preparatlarni zararkunandalarning paydo bo‘lishi bilan birinchi ishlov o‘tkaziladi va zararkunanda butkul yo‘qolguncha har o‘n besh kunda kimyoviy ishlov olib borish kerak.

Bunday zararkunanda bilan jiddiy shug‘ullanilmasa, hududimizdagi igna bargli va manzarali daraxtlarga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Jaloliddin JUMAQOV, viloyat o‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasi Samarqand shahar bo‘limi inspektori.