Yangi yil shukuhi

– Yangi yilning har lahzasi unutilmas zavq ulashuvchi bayram, – deydi Samarqand shahri Panjakent mahallasida yashovchi Nargiza Abduxoliqova. – Yangi yilda avvalo bolalar xursand bo‘lsin deymiz, ular uchun sovg‘alar tayyorlaymiz. Bayram yarmarkasidan turli o‘yinchoqlar, archa bezaklari xarid qildim.  

Ko‘ksaroy maydonidagi 20 dan ziyod savdo pavilonlaridan turli hajmdagi sun’iy archalar, rang-barang archa bezaklari, bayramona interer buyumlari, bolalar o‘yinchoqlari, taqvimlar, chiroqchalar, quvnoq davralar uchun yangi yil liboslari, niqoblar va boshqa suvenirlarni xarid qilish mumkin.

Rastalardagi mahsulotlarning asosiy qismi xorijdan keltirilgan bo‘lsa-da, o‘zimizda ishlab chiqarilgan bolalar o‘yinchoqlari, hunarmandlik buyumlari ham xaridorlarga manzur bo‘lmoqda.  

Mustaqillik ko‘chasidagi bayram yarmarkasi ham yurtdoshlarimiz bilan gavjum. Boisi, shahar aholisi har yili sovg‘alarni shu yerdan xarid qilishga odatlangan. 

– Har birimiz bayramni ko‘tarinki ruhda kutib olishni istaymiz, – deydi Kimyogarlar shaharchasi, Darg‘om mahallasida yashovchi Oltinoy Shoqosimova. – Bayram esa sovg‘alarsiz ko‘ngildagidek o‘tmaydi. Yarmarkalardagi narxlar bozordan sezilarli farq qilmasa-da, bu yerdan sovg‘a xarid qilishning gashti o‘zgacha. 

Bu yil bayramning asosiy archasi viloyat musiqali drama teatri binosi ro‘parasida o‘rnatildi. Archa yonidagi sahnada tomoshalar 20 dekabrdan boshlanadi.