Yangi yil tomoshalari avjida

Samarqand shahridagi viloyat musiqali drama teatri binosi yonidagi archa atrofida bayram tomoshalari ayni avjida. Balandligi 26 metrni tashkil qiladigan Yangi yil archasi shahardagi eng chiroyli bezatilgan archadir.
Shunday Yangi yil archalari Ko‘ksaroy maydonida, Temir yo‘l vokzali hududida, Sartepa maskani, So‘lim, Kimyogarlar, Farhod shaharchalarida ham o‘rnatilib, aholiga bayram dasturlari taqdim etilmoqda.
– Yangi yil tadbirlari viloyatimizning barcha tuman markazlarida ko‘tarinki ruhda o‘tkazilmoqda, – deydi viloyat madaniyat boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Abdunabi To‘xtayev. – Madaniyat va aholi dam olish markazlari tomonidan teatrlashtirilgan tomoshalar viloyatimizning barcha tumanlarida uch seansdan o‘tkazilib, bayram tantanalarida xalqimiz sevgan san’atkorlar ishtirokidagi konsert dasturlari namoyish etilmoqda. Shuningdek, viloyatimizdagi mehribonlik uylari, muruvvat va saxovat uylarida Yangi yilga bag‘ishlangan madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilmoqda.
Bayram archasi atrofidagi Yangi yil tomoshalari 2018 yilning 5-10 yanvariga qadar davom etadi.