Yangilanayotgan Konstitutsiyada inson huquqlari ustuvor
Samarqand shahrida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) tomonidan Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT)ning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori hamda Samarqand viloyati hokimligi bilan hamkorlikda aholining O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalardan xabardorligini oshirishga qaratilgan xalqaro davra suhbati o‘tkazildi.
Unda Oliy Majlis Senati, Bola huquqlari bo‘yicha vakil, Oliy sud, Konstitutsiyaviy sud, Bosh prokuratura, Ichki ishlar va Adliya vazirligi, viloyat hokimligi, Advokatlar palatasi, Toshkent davlat yuridik universiteti, bepul yuridik yordam ko‘rsatish bo‘yicha “Madad” nodavlat notijorat tashkiloti vakillari, ta’lim muassasalari olimlari, ekspertlar, fuqarolik jamiyati instituti vakillari, huquq himoyachilari va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Davra suhbatida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Feruza Eshmatova, YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori vazifasini bajaruvchi Xans-Ulrix Im, Oliy Majlis Senati a’zosi, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish yuzasidan takliflarni shakllantirish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha Konstitutsiyaviy komissiya a’zosi Rustam Xolmurodov, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining birinchi o‘rinbosari Robaxon Mahmudova va boshqalar oldindagi referendum jarayonlari, Konstitutsiyadagi o‘zgarishlar, qo‘shimchalar haqida batafsil to‘xtalib o‘tishdi.
– Targ‘ibot tadbirlariga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, ko‘pchilik faqatgina huquq va erkinlar haqida gapiryapti, – dedi Rustam Xolmurodov. – To‘g‘ri, yangilanayotgan Bosh qomusimizda inson manfaatlari oliy qadriyat sifatida e’tirof etilmoqda. Bunda yaqin yillarda mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy hayotida amalga oshirilgan islohotlar qonuniy asosga ega bo‘ladi. Shuni unutmaslik kerakki, huquq va erkinliklar bilan birga fuqarolik burchini ham unutmaslik kerak. Bugungi tadbirimizdan ko‘zlangan asosiy maqsad “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonunning mazmun-mohiyati, uning Vatanimiz taraqqiyoti, jamiyatimiz rivojidagi ahamiyati va unga kiritilgan yangi normalarni keng jamoatchilikka to‘g‘ri va to‘liq yetkazishdan iborat. Davra suhbatida ishtirok etayotgan mas’ullar jarayonning ushbu jihatiga alohida e’tibor qaratishlari lozim.
Davra suhbatida davomida yangilanayotgan Konstitutsiyani tayyorlash jarayonlari haqida ham ma’lumotlar berildi. Jumladan, jarayonda umumxalq muhokamasi orqali 220 mingdan ortiq taklif kelib tushgani va ularning aksariyati e’tiborga olinishi bilan birga, xalqaro-huquqiy hujjatlar va 190 dan ortiq davlat tajribasi o‘rganilib, olti turdagi ekspertizadan o‘tkazilgani ma’lum qilindi.
Davra suhbati davomida konstitutsiyaviy qonundan o‘rin olgan inson va bola huquqlari, ijtimoiy davlat, odil sudlov, advokatlar faoliyati, ekologik masalalar, fuqarolik jamiyatlari bilan ishlash kabi qator muhim masalalar bo‘yicha ma’ruzalar tinglandi.