Yangilanayotgan O‘zbekiston: Taraqqiyotning keyingi 5 yili
Muslihiddin MUHIDDINOV, SamDU professori:
- Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2020 yil 19 oktyabrda qabul qilgan “Buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarorida Afg‘onistonning Hirot shahridagi Alisher Navoiy maqbarasi majmuasida qurilish va obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish imkoniyatlarini o‘rganib chiqish vazifasini ilgari surdi.
Mutaxassislar bilan maslahatlashgan holda, ulug‘ mutafakkirning mangu orom topgan maskanini ta’mirlash loyihasi ishlab chiqildi. Mamlakatimiz rahbari mazkur loyiha bilan joriy yilning 31 may kuni yaqindan tanishdi va uning bajarilishi yuzasidan aniq topshiriqlar berdi.
Navoiy dahosiga bo‘lgan bu ehtirom yurtimizda ma’naviyatga, adabiyotga hamda ma’rifatga e’tibor har qachongidan kuchaygani namunasidir. Davlat rahbari sifatida boshqa bir mamlakatdagi tarixiy me’moriy yodgorlikni ta’mirlash, qayta tiklash va obodonlashtirish bo‘yicha jon kuydirish, ushbu sa’y-harakatlarni maxsus qaror bilan mustahkamlash yuksak insoniy fazilatning, ma’rifatga ixlosning ifodasi.