Yaponiya va Janubiy Koreyada "sovuq front": reyslar bekor qilinmoqda, ko‘plab avtomagistrallar yopilgan

Qor yog‘ishi va kuchli shamol Yaponiyaning ko‘plab hududlarida transport aloqalarini buzdi, deb xabar bermoqda mahalliy OAV.

Mamlakat hukumati bosh kotibi Xirokazu Matsuno sovuq front kelishi bilan kuchli qor yog‘ishi kamida bir kishining o‘limiga sabab bo‘lganini aytmoqda.

Yaponiya havo yo‘llari chorshanba kuni ertalab soat 6:00 holatiga ko‘ra 151 ta, All Nippon Airways esa 85 ta reysni bekor qilgan. Qayd etilishicha, bu reyslar asosan Yaponiya dengizi sohilidagi aeroportlarga amalga oshirilgan.

Qor yog‘ishi tezyurar poyezdlar harakatiga ham ta’sir qilgan. Ko‘plab tezyurar poyezdlar harakati to‘xtatilgan.

Transport departamenti ob-havo sharoitiga qarab, davlat yo‘llari qor tozalash uchun yopilishi mumkinligini aytmoqda.

Yaponiya meteorologiya agentligi mamlakatning ayrim hududlarida so‘nggi o‘n yillikdagi eng sovuq havo harorati kuzatilishi mumkinligini aytgan. Mamlakatda kuchli sovuq payshanba kuniga qadar davom etishi kutilmoqda.

Ayni paytda Janubiy Koreya ham qattiq sovuqdan aziyat chekmoqda. Chorshanba kuni butun mamlakat bo‘ylab qattiq sovuq haqida ogohlantirishlar e’lon qilindi, deya xabar beradi mahalliy OAV.