Yaponiyada O‘zbekistonning sayyohlik salohiyatiga bag‘ishlangan batafsil qo‘llanma chop etilmoqda
Madaniyat va turizm vazirligi ko‘magida Yaponiyaning yetakchi sayohlik nashriyoti hisoblangan «Globe-Trotter Travel Guidebook» bilan hamkorlikda O‘zbekistonga bag‘ishlangan ommabop sayyohlik qo‘llanmasini yangi tahrirda chop etish masalasi ishlab chiqildi.
Shu o‘rinda ta’kidlash kerakki, Yaponiyadan O‘zbekistonga sayyohlar oqimini oshirish, Yaponiya hududlarida mamlakatimizning turizm salohiyatini keng targ‘ib qilish maqsadida yurtimizning Tokiodagi elchixonasi tomonidan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, Madaniyat va turizm vazirligi ko‘magida Yaponiyaning yetakchi sayohat nashriyoti hisoblangan “Globe-Trotter Travel Guidebook” bilan hamkorlikda O‘zbekistonga bag‘ishlangan ommabop sayyohlik qo‘llanmasini yangi tahrirda nashr qilish masalasi ishlab chiqildi.
Qo‘llanma joriy yilning 20 aprelidan sotuvga chiqarilib, Yaponiya bo‘ylab 30 ming nusxada tarqatilishi rejalashtirilgan. Nashrda O‘zbekistonning qadimiy shaharlari, ulardagi diqqatga sazovor joylari, mehmonxonalar, restoranlar, savdo markazlari va respublikaga tashrif buyuruvchi sayyohlar uchun foydali bo‘lgan boshqa ma’lumotlar joy olgan.
Sayyohlik sohasi mutaxassislarining fikricha, mazkur sayyohat qo‘llanmasi Yaponiya fuqarolarining O‘zbekiston, uning tarixiy obidalari va turistik jozibadorligi haqida habardorligini oshiradi, bu esa, o‘z navbatida, Yaponiyadan yurtimizga sayyohlar sonining ko‘payishiga xizmat qiladi.
Joriy yilning 13 aprelidan faoliyati tiklanayotgan «Uzbekistan Airways»ning Toshkent va Tokioni bog‘lovchi to‘g‘ridan-to‘g‘ri avireyslarida yurtimizga tashrif buyuruvchi yapon sayyohlari uchun qo‘llanma ajoyib yangilik bo‘lishi shubhasiz.
«Globe-Trotter Travel Guidebook» Yaponiyaning yetakchi sayohlik nashriyoti hisoblanib, 1969 yilda tashkil etilgan. Kompaniya tomonidan har yili yapon tilida xorijiy mamlakatlarga oid sayohat jurnallari, gazetalar va qo‘llanmalar 8 million adadda chop etiladi.