Yaqin tarix hikoyalari: Front ortidagi fidoyilar

Ikkinchi jahon urushi davrida har birimizning bobo va buvilarimiz frontda va front ortida fidokorona mehnat qilgan. Ular mash’um urush boshlanishi bilan dushmanga qarshi kurashga otlangan.

1941 yilning 1 avgustigacha 3 mingdan ko‘proq samarqandlik ko‘ngillilar frontga jo‘natishlarini so‘rab, harbiy komissariatga ariza bergan. Ilk kunlardanoq frontga otlanganlar orasida Samarqand shahar yoshlar qo‘mitasining kotibi R.Karimov, Samarqand davlat universitetining rektori A.Valiyev boshchiligidagi o‘nlab o‘qituvchi va ilmiy xodimlar bo‘lgan. Shuningdek, shu yili universitet beshinchi hamda to‘rtinchi kurs talabalariga ham diplomlar bir yil oldin berilib, ular frontga jo‘natilgan.

1941 yil 13 sentyabr kuni bir guruh ko‘ngillilar qatorida endigina universitetni bitirgan Sharof Rashidov ham temiryo‘l vokzaligacha piyoda borib, vagonlarda  Frunze (hozirgi Bishkek) shahridagi harbiy maktabga jo‘nab ketgan.

Samarqandliklar nafaqat frontda, balki urushning orqasida ham qahramonlik ko‘rsatdi. Fashistlarga qarshi olib borilgan janglarda mardlik va shijoat ko‘rsatgan yurtdoshlarimizdan 20 mingdan ortiq kishi jangovar orden va medallar bilan taqdirlandi. Ular orasida Qahramon unvoniga sazovor bo‘lganlar ham ko‘pchilikni tashkil etadi.

Ikkinchi jahon urushining boshlanishi barcha qatori arxiv muassasalari xodimlari faoliyatini ham murakkablashtirdi. Ular frontortida, xizmatdan tashqari ishlarni bajarish, xalqdan yig‘ilgan mablag‘larni Milliy mudofaa jamg‘armasiga o‘tkazish, Samarqandga ko‘chirilgan minglab oilalar, o‘nlab kasalxona va 8 ta mehribonlik uylarini joylashtirishda faol ishtirok etgan. Urush yilida S.Kirov nomidagi harbiy meditsina akademiyasi, harbiy ximiya akademiyasi, harbiy-dengiz akademiyasi, harbiy veterinariya akademiyasi, F.Dzerjinskiy nomidagi artilleriya akademiyasi, shuningdek, Voronejdagi aloqa va 2-Xarkov tank bilim yurti hamda aviatsiya maktablari Samarqandga ko‘chirib keltirilib, malakali harbiy mutaxassislar tayyorlash bilan shug‘ullangan. Ularga tegishli barcha ma’lumotlarni arxiv fondlariga muhrlab, respublika arxiv fondini saqlash va to‘ldirish ishlarini davom ettirishdi.

Rossiyaning Novosibirsk shahridan “Krasniy dvigatel”, Leningrad va Odessa shaharlaridan kinoapparatura zavodlari, Poltavadan trikotaj fabrikasi kabi 12 ta ishlab chiqarish korxonasi ko‘chirib kelindi. Bu zavod va fabrikalar xalqimizning fidoyiligi tufayli qisqa vaqtda ishga tushirilib, mudofaa uchun qurol yetkazib bera boshladi. Ularni harbiy faoliyatga qayta moslashtirish juda ham og‘ir sharoitlarda olib borildi. Frontga yuborilgan malakali mutaxassislar o‘rnida ishlash uchun yoshlar va xotin-qizlardan yangi ishchi kadrlar tayyorlandi. Ayollar qisqa muddatda murakkab kasb jarayonlarni o‘zlashtirib, mehnat qilishdi.

Urush yillarida xotin-qizlarimiz barcha sohalarda o‘rnak bo‘lishdi. Ayniqsa, 1941 yilga kelib uzunligi 4 kilometr, balandligi 30 metrdan ortiq bo‘lgan Kattaqo‘rg‘on suv ombori qurilishida qanday og‘ir sharoitlarda mehnat qilganliklarini viloyat davlat arxivida saqlanayotgan hujjatlar va fotosuratlarda ko‘rish mumkin.

1942 yilning yanvaridan boshlab ayollarimiz kuchi bilan Samarqandda joylashgan korxonalar tomonidan dastlabki mahsulotlar - kuchli projektorlar, artilleriya stvollari, granata, snaryad, o‘q-dori va boshqa harbiy qurol-aslahalar ishlab chiqarilib, frontga jo‘natildi. 

Frontga yordam berishni o‘z burchi deb bilgan samarqandliklar tashabbuslari barcha korxona-tashkilotlar tomonidan qo‘llab-quvvatlangan holda ish haqidan yig‘ilgan pullar mudofaa fondiga o‘tkazilgan. To‘lanmay qolgan soliqlardan va zayom hamda oblegatsiyalardan tushgan mablag‘lar ham Mudofaaga yo‘naltirilganligi o‘sha davr matbuotida keng yoritib borilgan. Jumladan, “Urgut haqiqati” gazetasining 1941 yil 4 iyuldagi 47-sonidagi tuman moliya bo‘limi mudiri N.Qosimov tuman tashkilotlari ishchi-xizmatchilari uyushgan holda mablag‘ yiqqanlari haqida maqola yozgan.

Viloyat davlat arxivi 105-fondida saqlanayotgan hujjatlarda, Samarqanddagi zavod-fabrika va tashkilotlar o‘rtasida frontga mablag‘ yig‘ish bo‘yicha o‘zaro musobaqalar tashkil etilgani, jumladan, ichimlik ishlab chiqaruvchi zavod ishchilari 2060 rubl pul mablag‘ini frontga samolyotlar yetkazib berish uchun yo‘naltirganligi to‘g‘risida ma’lumotlar bor.

Suronli yillar davomida 20 ga yaqin harbiy gospitalda 50 mingdan ziyod askar va ofitserlar davolanib, yana safga qaytgan. Davolanayotgan askar gospitalning o‘zida haydovchilik, hisobchi, etikdo‘z kabi kasbga o‘rgatish kurslarida o‘qitilgan. Shuningdek, ko‘zi ojiz bo‘lib qolgan askarlarga brayl alifbosi o‘rgatilgan.

Arxivlarimizda janglarda ko‘rsatgan jasorati uchun Qahramon unvoniga sazovor bo‘lgan. Q.Suyunov, O.Qodirov, E.Qorabayev,  B.Ergashev, A.Qurbonov, P.Nurmonov kabi jangchilar fotosuratlari va shaxsiy hujjatlari saqlanmoqda.

Urush yillarida fidoyilik ko‘rsatgan Ikkinchi jahon urushi va mehnat fronti faxriylari bugun davlatimiz va xalqimiz e’zozida. Ko‘rsatgan jasoratlari uchun ularga  doim ta’zimdamiz.

Abduvali Mamanazarov,

viloyat arxiv ishi hududiy boshqarmasi boshlig‘i.