Yarashtirish – ayolni ko‘r-ko‘rona er uyiga olib borib qo‘yish degani emas

O‘tgan yil viloyatda ajralishlar soni sezilarli darajada kamaydi. Ammo shar’iy nikoh bilan yashayotgan ayollar oilasida muammolar ko‘p. Yarashtirilgan oilalarning hammasi ham tinchib ketishi murakkab jarayon. Xo‘sh, ushbu jarayonda mahallaning xotin-qizlar bilan ishlash va oilalarda ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash bo‘yicha mutaxassisning vazifasi nimalardan iborat? Ularning sohada bilimlarini oshirish, mavjud yangiliklardan boxabar etish maqsadida «Oila» ilmiy-amaliy tadqiqot markazi viloyat boshqarmasi qoshida tashkil etilgan o‘quv kursida reja asosida mutaxassislarning o‘quvi tashkil etilgan.

- Oilalardagi ma’naviy-ma’rifiy muhitni yaxshilash maqsadida o‘tgan yil davomida har bir shahar, tumanda hududning ma’rifatli, tajribali, faol kishilaridan iborat ishchi guruhlar tuzildi, - dedi mutaxassislarga dars o‘tish jarayonida viloyat hokimi o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi G.Alimova. – Ulardan unumli foydalanib qolish, notich oilalardagi muammolarni hal etishda birgalashib harakat qilish kerak. Umuman, bugun aholi bilan suhbatlashish, ularga ta’sir o‘tkazish uchun alohida bilim kerak. Oilani yarashtirish degani ko‘r-ko‘rona ayolni er uyiga olib borib qo‘yish kerak degani emas. Oilani atroflicha o‘rganish, undagi vaziyatdan kelib chiqqan holda yo‘l tutish lozim. To‘g‘ri, o‘tgan yili viloyatda ajralishlar soni kamaydi. Ammo o‘z joniga qasd qilish, shar’iy nikoh bilan yashash holatlari hamon yuqori. Ayolga qo‘l ko‘taradigan, unga zug‘um o‘tkazadigan oilalar bor. Bunday oilani avval sog‘lomlashtirish kerak.

Mahallaning xotin-qizlar bilan ishlash va oilalarda ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash bo‘yicha mutaxassislarga oilalar bilan ishlashda e’tibor qaratishi kerak bo‘lgan jihatlar bo‘yicha oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari, tajribali mutaxassislar mashg‘ulotlari o‘tkazilmoqda.