Yashash sharoiti noqulay bo‘lgan shaharlar
Meghalayya - Hindiston
Yashash uchun eng yoqimsiz joylardan biri dunyodagi eng yomg‘irli joy - Hindistondagi chalkash tog‘ tizmasining o‘rtasida joylashgan Meghalayya shtati hisoblanadi.
U yerda besh oy to‘xtovsiz yomg‘ir yog‘adi, undan keyin boshlangan qurg‘ochilik mavsumi yetti oy cho‘ziladi. Tabiiyki, mahalliy aholi nafaqat yomg‘irlardan, balki suv yetishmasligidan ham aziyat chekadi. Shahar ohaktoshli hududda joylashgani sababli suvlar ushlanib qolmasdan pastga sizib quyiladi.
Dunyoda yashash sharoitlari yomon bo‘lgan ko‘plab shunga o‘xshash joylar bor va ularning barchasi muhokama qilishga arziydi.
La-Rinkonada - Peru
Peruning La-Rinkonada shahri And tog‘larida, taxminan 5400 metr balandlikda joylashgan. Bu yerdagi havo harorati kunduzi ham noldan oshmaydi, kechalari esa butunlay muzlab qolish mumkin. Tog‘larda iste’molga yaraydigan o‘simliklar o‘smaydi, hayotiy zarur kislorod yetishmovchiligi kuzatiladi, suvi esa simob bilan ifloslangan. Og‘ir sharoitlar tufayli odamlar tez-tez kasal bo‘ladi.
Shunga ham qaramay 2001-2009 yillarda shahar aholisi soni 235 foizga oshdi. Gap shundaki, tog‘larda oltin konlari topilgan va shaxtalar qulashi, tasodifiy portlashlar va boshqa baxtsiz hodisalarda halok bo‘lish xavfi bo‘lishiga qaramasdan bu yerga 50 mingga yaqin odam kelgan. Aytgancha, bu yerda oltin qidiruvchilarining o‘limi yaxshi xabar deb hisoblanadi. Mahalliy e’tiqodlarga ko‘ra tog‘ odamni o‘ldirsa, oltin yuqoriga ko‘tarilib, uni qazib olish oson kechar ekan.
Jokyakarta – Indoneziya
Indoneziyaning Jokyakartasi rassomlik, musiqa, balet va boshqa san’at turlari rivojlangan juda madaniy shahardir. 2014 yilgi ma’lumotlarga ko‘ra, bu joyning aholisi 404 ming kishini tashkil etgan. Shahar faol Mepati vulqonidan unchalik uzoq bo‘lmagan joyda joylashganligi sababli bu yerlarga kelib joylashib olishni xohlaydiganlar juda kam.
Mahalliy aholi bu tog‘ni ilohiy deb biladi, negaki, u odamlarning hayotini olish bilan bir vaqtda ularga baraka ato etadi. Jokyakartada yashashning muhim afzalligi uning unumdor tuprog‘idir. Biroq oddiy odamlar faqat yaxshi o‘sadigan o‘simliklarni deb lava va zaharli gazlarning doimiy otilishi bilan yonma-yon yashashga rozi bo‘lishlari dargumon. Ba’zida otilishlar zilzilalar bilan birga keladi, 2006 yilda esa Jokyakarta sunamiga uchradi.
San-Pedro-de-Atakama – Chili
Bu kichik shaharcha Atakama cho‘li yaqinida joylashgan. Suvi juda kam va mishyak bilan zaharlanganligi sababli bu yerda o‘simliklar deyarli o‘smaydi. Ochiq manbalarning ta’kidlashicha, mahalliy aholi bundan cho‘chimaydi, chunki hayoti davomida ularda immunitet shakllangan. Lekin sayyohlar bu suvni ichguday bo‘lsa ularda zaharlanish, qayt qilish, tanadagi og‘riqlar va boshqa alomatlar kuzatilgan. Shu sabab bu yerga sayyoh sifatida tashrif buyurish mumkin, lekin yashashni eplay olish mushkul.
Atrof-muhit sharoiti og‘ir bo‘lgan ba’zi joylarda odamlar yer osti uylari qurishadi. Bu uylar ularga issiqlik va sovuqdan yashirinishga yordam beradi, shuningdek, qurilish materiallarini tejash imkonini beradi. Quyosh nuri bo‘lmagan muhitda yashash odamlarning ruhiy salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi, deb o‘ylash mumkin. Lekin olimlar buni muammo o‘rnida ko‘rishmaydi, chunki sun’iy yorug‘lik uni osonlikcha yengishi mumkin.
B.Muhammadiyeva tayyorladi.