Xonadoni tomiga quyosh paneli o‘rnatganlar qancha foyda ko‘ryapti?

Keyingi yillarda viloyatimizda “yashil energiya”dan foydalanish, aholi xonadonlari, ijtimoiy soha ob’yektlari hamda ishlab chiqarish korxonalariga quyosh panellari o‘rnatish, mini GESlarni ishga tushirish borasida e’tiborli ishlar olib borilyapti.

Biroq 2023-2024 yillarda viloyatda qo‘shimcha elektr energiyasini ishlab chiqarish va tejash bo‘yicha rejalar bajarilmay qoldi. 122,2 MVt o‘rniga 87,2 MVt qayta tiklanuvchi energiya quvvatlari ishlab chiqarilgan. 18 ta o‘rniga 1 ta gidroelektr stansiya qurilib, foydalanishga topshirildi. 

- Viloyatda “yashil energiya”dan foydalanish ko‘lamini kengaytirish, mavjud energiya resurslarini tejash, ayniqsa, quyosh panellari o‘rnatish borasida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda, – deydi “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Samarqand hududiy filiali boshlig‘i Eldor Mamasoliyev. - Jumladan, 2023-2024 yillarda 1014 ta ijtimoiy soha ob’yektlari va davlat idoralariga 17 MVt quyosh panellari, 634,4 ming litr hajmdagi geliokollektorlar o‘rnatildi. Shuningdek, 1036 ta tadbirkorlik sub’yektida 46,6 MVt, 7614 aholi xonadonlarida umumiy quvvati 23,1 MVt bo‘lgan quvvatli quyosh panellari va geliokollektorlar joylashtirildi. Joriy yilda esa 7614 ta aholi xonadonida 23,12 MVt quvvatli quyosh panellari, 110,8 litr geliokollektor o‘rnatish rejalashtirilgan. 

Quyosh panellari o‘rnatilgan yuqoridagi ob’yektlar bojxona “Yashil energiya” platformasi ro‘yxatidan o‘tkazilgan. 

- O‘tgan ikki yilda rejadagi 16 o‘rniga foydalanishga topshirilgan 55 ta ko‘p qavatli uyda 0,540 MVt quvvatdagi qayta tiklanuvchi energiya manbalari o‘rnatildi, - deydi viloyat hududiy qurilish va uy-joy kommunal sohasida nazorat inspeksiyasi boshlig‘i Umar Mirzayev. – Samarqand shahrida 11 ta, Bulung‘ur tumanida esa 18 ta ko‘p qavatli uyga quyosh panellari o‘rnatilgan bo‘lsa, Jomboyda 5 ta, Narpay va Nurobodda 4 tadan hamda Oqdaryo tumanida 3 ta uy-joy qayta tiklanuvchi energiya qurilmalari bilan ta’minlangan.  

Bulung‘ur tumani Olmazor mahallasi hududida bunyod etilayotgan “Yangi O‘zbekiston” massivida 56 ta ko‘p qavatli uylarga qad rostlamoqda. Hozirgacha foydalanishga topshirilgan 36 ta uyning har biriga 12,5 KVtlik jami 450 KVt quvvatli quyosh panellari o‘rnatildi. Jumladan, "Agromir buildings" MChJ tomonidan 3 yilda 500 xonadonli 20 ta qavatli turar-joy binosi qurilishi rejalashtirilgan bo‘lib, hozirgacha 12 ta uy foydalanishga topshirilgan. 

- Aholi kirib yashayotgan uylarning har biriga 25 tadan quyosh paneli o‘rnatilgan, - deydi korxona texnik nazoratchisi Dilmurod To‘yliyev. – Uylarimiz 5 qavatli bo‘lgani uchun ularda lift ko‘zda tutilmagan. Biroq qurulmalar faqat uyda yashovchilarning ehtiyojiga yetarli qilib joylashtirilgan. Ishlab chiqarilgan elektr energiyasi hozircha tashqi va ichki yoritish tizimlari, yerto‘la va hovlida o‘rnatilgan tungi yoritish chiroqlari uchun xizmat qilmoqda.   

"Agromir buildings" MChJ qator yillardan buyon Samarqand shahridagi Qorasuv massivida ham yuzlab ko‘p qavatli uy-joylar qurib kelmoqda. O‘tgan yili foydalanishga topshirilgan 12 ta uy-joylarga lift, suv nasosi hamda ichki va tashqi yoritish tizimlarini ishlatish quvvatiga ega bo‘lgan qayta tiklanuvchi qurilmalar o‘rnatilgan. Joriy yilda foydalanishga topshirilishi ko‘zda tutilgan 35 ta ko‘p qavatli uyning barchasiga 752 KVt quvvatga ega 39 ta panel o‘rnatiladi.

Bulung‘ur tumanida so‘nggi 5  yilda 22,8 million dollarlik yaqin loyihalar asosida 60 dan ziyod sanoat korxonasi ish boshladi. Natijada elektr iste’moli 1,4 barobarga oshib, 150,8 million KVtni tashkil etdi. Bu yil esa yana 18 ta sanoat loyihasi ishga tushadi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, loyihalar uchun 19,7 million KVt elektr talab etiladi. 

Buni qoplash uchun 26 ta davlat ob’yekti va 135 ta aholi xonadoniga qayta tiklanuvchi manbalar o‘rnatilib 2 million KVt elektr iqtisod qilinishi ko‘zda tutilgan, - deydi tuman iqtisodiyot va moliya bo‘limi bosh mutaxassisi Odiljon Yoqubov. – Energiya samaradorligini oshirish va yo‘qotishlarni kamaytirish hisobiga 5-6 million KVt iqtisod qilinadi. Elektr taqchilligining oldini olish maqsadida joriy yilda aholi xonadonlariga 2000 kVt, ijtimoiy soha va davlat ob’yektlariga 350 kVt, tadbirkorlar tomonidan 1610 kVt quvvatli quyosh panellari o‘rnatish rejalashtirilgan.

Hozirgi kungacha tumanda 60 ta davlat idorasi va ijtimoiy soha ob’yektida 430 kVt quvvatli, 434 ta aholi xonadonida 1485,8 kVt quvvatli hamda 44 ta tadbirkorlik sub’yektida 2942,3 kVt, 13 ta ko‘p qavatli uyning tom qismida 64,3 kVt  quvvatli quyosh panellar o‘rnatildi.

G‘oziboy Eshmurodov tumandagi Kattaqishloq mahallasida istiqomat qiladi. O‘z xonadoniga 5 KVt quvvatli 10 dona quyosh paneli o‘rnatganiga ikki yilcha bo‘lib qoldi. Ushbu qurilmalari yordamida 21600 KVt elektr energiyasi ishlab chiqarib, davlatga 5400 KVt elektr energiyasi sotdi. 

- Uyimizda konditsioner, muzlatkich, o‘ndan ziyod chiroq hamda suv nasosi ishlab turibdi, - deydi Sayyora Eshmurodova. – Kecha-kunduz beminnat xizmat qilyapti. Elektr uchun umuman to‘lov qilmaymiz. Bizni ko‘rib, qo‘shnilarimiz uylariga quyosh paneli o‘rnatishga qaror qilishgan.  

Eslatib o‘tamiz, 2023 yil 1 apreldan umumiy quvvati 100 kVtgacha bo‘lgan qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini o‘rnatgan jismoniy va yuridik shaxslar ular foydalanishga topshirilgan paytdan e’tiboran 3 yil muddatga, o‘rnatilayotgan quyosh panellarining quvvatiga nisbatan 25 foizdan kam bo‘lmagan quvvatga ega elektr energiyasini saqlash tizimi bilan o‘rnatilgan bo‘lsa – 10 yil muddatga ushbu qurilmalar bo‘yicha mol-mulk solig‘ini, qurilmalar bilan band bo‘lgan uchastkalar bo‘yicha yer solig‘ini, yuridik shaxslar tomonidan umumiy tarmoqqa sotgan elektr energiyasi uchun olgan foydasidan hisoblanadigan foyda solig‘ini to‘lashdan ozod etiladi. 

Dilmurod TO‘XTAYeV,

Baxtiyor MUSTANOV olgan suratlar.