“Yashil energiya”ga o‘tishning afzalligi nimada?
Energotejamkor qurilmalar qanchalik samarador?
Ulardan foydalanayotgan fuqarolar qonunchilikda belgilangan imtiyozlarni olyaptimi?
Samarqand shahar elektr ta’minoti korxonasida "Elektr energiyasini iqtisod qilish va qayta tiklanuvchi elektr manbalarini joriy qilish" mavzusida o‘tkazilgan o‘quv-seminar mashg‘ulotida shu va boshqa savollarga javob berildi.
Prezidentning 2024 yil 14 iyundagi "Energiya resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarorida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida tashkil etilgan tadbirda yirik iste’molchilar vakillari, tadbirkor va fuqarolar ishtirok etdi. Dastlab “O‘zenergoinspeksiya” viloyat boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Dilshod Sayfiyev, “Hududgaz Samarqand” gaz ta’minoti filiali rahbari Ansor Muhammadiyev va “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Samarqand hududiy filiali rahbari Umid Nazarov viloyatimizning iste’mol ko‘rsatkichlari, elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanishda yuzaga kelayotgan ortiqcha sarfning sabablari va ularning oldini olish choralari haqida gapirdi.
Ta’kidlanganidek, birgina tabiiy gaz iste’molida 35 foiz iste’molchilar ortiqcha sarfga yo‘l qo‘ymoqda. Buning sabablari o‘rganilganda aksariyat holda ular qo‘lbola yoki yaroqlilik muddati tugagan gaz qurilmalaridan foydalanayotgani aniqlangan. Ayni vaqtda joylarda tushuntirish va targ‘ibot ishlari olib borilib, ob’yektlarga energotejamkor qurilmalar o‘rnatilishiga erishilmoqda.
Tadbirda Prezidentning Qarori mazmun-mohiyati ham tushuntirildi. Unga ko‘ra, joriy yilning 1 oktyabridan tasdiqlangan ro‘yxatga muvofiq, energiya auditini o‘tkazmagan va audit takliflariga muvofiq chora-tadbirlarni belgilangan muddatda bajarmagan yirik iste’molchilarga nisbatan elektr energiyasi va tabiiy gaz tarifi 1,5 baravar miqdorda o‘suvchi koeffitsiyentda hisoblanadi. Yuridik iste’molchilarga tasarrufidagi eski elektr qurilmalarini yangi energotejamkoriga almashtirish natijasida iqtisod qilingan elektr energiyasi hajmiga uch yil davomida amaldagi tarifga nisbatan 15 foiz chegirma beriladi.
Viloyat soliq boshqamasi mas’ul xodimi Bekzod Soliyev qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanuvchi shaxs va tadbirkorlik sub’yektlariga beriladigan soliq imtiyozlari to‘g‘risida ma’lumot berdi.
Tadbirda Oqdaryo tumanidan kelgan tadbirkorlardan biri 1 milliard so‘mga 72 kWt quvvatga ega quyosh panellarini o‘rnatganligi, ammo elektr ta’minoti korxonasi undan elektr energiyasini belgilangan narxdan ancha arzonga sotib olayotganini aytib, murojaat qildi. Mazkur qonun buzilishi holati prokuratura organlari tomonidan o‘rganilib, ijobiy hal etiladigan bo‘ldi.
— Biz fuqarolarga “yashil energiya”ga o‘tishning afzalliklarini reklama qilishimiz uchun avval ular qonun bilan belgilangan imtiyoz va qulayliklardan muammosiz foydalanishini ta’minlashimiz kerak, - dedi Oliy Majlis Senati a’zosi Farmon Toshev. – Bu qonun himoyachilari, energetika rahbarlari oldida turgan asosiy vazifa bo‘lishi kerak. Bozor iqtisodiyoti shunday, barcha birinchi navbatda harakatining foyda va zararlarini hisoblaydi. Fuqaro yoki tadbirkorni aldash yoki norozi qilish bilan natijaga erishib bo‘lmaydi.
Tadbirda viloyatimizda qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalashni jadallashtirish jarayonida kuzatilayotgan boshqa muammo va kamchiliklar ham tilga olinib, ularni bartaraf etish bo‘yicha takliflar berildi.
Tadbir doirasida quyosh panellari, geliokollektor va energotejamkor boshqa qurilmalar ko‘rgazmasi tashkil etildi. Unda ishtirokchilar mutaxassislar bilan muloqot qilib, “yashil energiya”ga o‘tishning afzalliklari, qilinadigan xarajat va uning qoplanish vaqti haqida ma’lumotlarga ega bo‘ldi.
Asqar Barotov.