Yashil makon: Biz daraxt ko‘chatlari ekdik, siz-chi?

Viloyatimizning barcha tuman, shahar, tashkilot va korxonalarida Yashil makon umummilliy loyihasi doirasida ko‘chatlar ekilib, bog‘lar tashkil etilyapti.

Payariq tumanida umummilliy loyiha doirasida tuman yoshlar ishlari bo‘limi xodimlari bo‘sh turgan hududga 500 tupdan ortiq mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekib, “Yoshlar bog‘i” yaratdi.

***

Qo‘shrabot tumanining Qovunchi va Yangi obod mahallalarida loyiha doirasida yo‘l chetlaridagi maydonlarga 500 tup manzarali daraxt va 300 tup mevali ko‘chatlari ekdi. Mahalla ahlining maqsadi ko‘chatlarni yil davomida yaxshi parvarishlab, olis hududda yashil makon yaratish. 

***

Ishtixon tumanidagi  "Eshon Temirxon to‘ra" jome masjidi hovlisida yangi bog‘ yaratish maqsadida viloyat bosh imom-xatibi Zayniddin Eshonqulov boshchiligida tumanda faoliyat yuritayotgan imom-xatiblar mevali va manzarali ko‘chatlar o‘tqazdi.

***

Narpay tumanidagi Tepaqo‘rg‘on, Qozikent, Mustaqillik, Do‘stlik, Istiqlol, Xo‘jakarzon, Rabotolchin, Yangiobod, Sarbozor, Alisher Navoiy hamda Turon mahallalari hududida bo‘sh turgan  maydonlar, aholi xonadonlari, ko‘chalar va qabristonlarga mahalla xodimlari, nuroniylar va yoshlar tomonidan har xil turdagi mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekilmoqda.

***

Samarqand shahridagi viloyat pedagoglarni yangi metodikalarga o‘rgatish milliy markazining xodimlari «Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasida Qorasuv massivida manzarali daraxt ko‘chatlari o‘tqazib,  “Viloyat pedagogika markazining ramziy bog‘i”ni barpo etdi.