Samarqandda kuz va bahor mavsumida 16,5 millionga yaqin ko‘chat ekiladi

Prezident raisligida joriy yil 11 oktyabr kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida yil yakunigacha 75 million tup, kelgusi yil bahorda yana 125 million tup mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekish vazifasi qo‘yildi.

O‘tgan yilgi tajribadan kelib chiqib, 20 oktyabrdan 1 dekabrgacha ko‘chat ekish bo‘yicha “Dolzarb 40 kunlik” e’lon qilindi.

Viloyatimizda kuz mavsumida kam ta’minlangan 500 ming xonadonga 10 tupdan mevali daraxt ko‘chatini bepul tarqatishi, terakning allergiya chaqirmaydigan navlarini ekishi belgilandi.

Dastur doirasida viloyatimizda 2022 yil kuz mavsumida 6 million 145 ming tup, 2023 yil bahor mavsumida 10 million 242 ming tup ko‘chat ekilishi rejalashtirilgan.

- Kuz mavsumida avtomobil yo‘llari yoqasi, obodonlashtirish boshqarmasi hududlari, dala chetlari, ijtimoiy soha ob’yektlari va boshqa shu kabi maydonlarda ko‘chat ekish boshlandi, - deydi viloyat davlat o‘rmon xo‘jaligi boshqarmasi bosh o‘rmonbegi Akmal O‘rolboyev. - Kuzgi ko‘chat ekish mavsumida pavlovniya daraxtidan boshqa 27 turdagi mevali va manzarali ko‘chatlar, qalamchalar ekilmoqda.

Ko‘chatchilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklari va qishloq xo‘jaligi korxonalarida yetarli miqdorda ko‘chat zaxirasi mavjud. Jumladan, 3,5 million dona manzarali, 12,2 million dona mevali, 438,6 mingta qalamcha bor.

O‘tgan yili kuzda va joriy yil bahorda Samarqand shahrining Cho‘ponota massivida bodom, archa, eldor qarag‘ayi, mojjevelnik kabi ko‘chatlar ekilgandi, ularning asosiy qismi ko‘kardi. Massivda 150 gektar maydon ko‘kalamzorlashtirildi, tomchilatib sug‘orish tizimi yo‘lga qo‘yildi. Viloyatimiz hududlarida “O‘rmonchilar”, “Kashtan”, “Archa”, “Lola” kabi ko‘chalar tashkil etildi.   

Davlatimiz rahbari “Daraxt havas bilan ekilishi, xalqimiz, mahallalarimizning madaniyatiga aylanishi lozim” degan fikrni bejiz bildirmadi. O‘tgan yilgi dastur doirasida ekilgan ko‘chatlarning bir qismi nobud bo‘lgan holatlar ham kuzatildi. Shu bois qaysi hududda daraxt ekilmasin, har bir ko‘chatning albatta, egasi, qarovchisi bo‘lishi lozim.

Viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yil bahor mavsumida ekilgan 10 million 293 ming dona daraxt va buta “Yashil makon” elektron platformasiga kiritilgan.  9 million 750 mingta (95 foiz) daraxt va buta ko‘chatlarini sug‘orish tizimi tashkil etilgan. “Daraxt parvarishlovchi” sifatida haq to‘lanadigan jamoat ishlariga 929 nafar fuqaro jalb etilgan. Ammo ekilgan daraxtlarning 543 mingtasida sug‘orish tizimlari tashkil etilmaganligi oqibatida 252 ming tup ko‘chat qurigan.

Kattaqo‘rg‘on tumanida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida “Juma-Kattaqo‘rg‘on” magistral yo‘lining 27 kilometrida 484,2 ming tup manzarali va butasimon daraxt ko‘chatlari ekish bo‘yicha ko‘rgazmali seminar o‘tkazildi.

Ko‘chatlar tomchilatib sug‘orish tizimi asosida sug‘oriladi.

O‘ktam Xudoyberdiyev.