“Yaxshi o‘qisang, mashina o‘z “oyog‘i” bilan keladi”
Bir kuni ishdan qaytayotib, soya-salqin joyda biroz xordiq chiqarish maqsadida xiyobonga bordim. Favvora yonidagi o‘rindiqda bir yosh yigit kitob o‘qib o‘tirgan ekan. Bu keyingi paytlarda kamdan-kam kuzatiladigan holat edi. Unga havas qildim. Sal naridagi o‘rindiqqa joylashib, qo‘l telefonimdan shu kunlarda uyda o‘qiyotgan kitobimning elektron variantini topib, ko‘z yugurtirdim. O‘qiganim bilan uqolmadim. Xayolim shu yigit bilan suhbatlashishda edi, ammo unga xalal berishni istamadim.
Oradan yarim soatlar o‘tgach, yigit kitobni yopib, o‘rnidan turdi. Uni imlab yonimga chaqirdim. Tanishib, o‘zimni qiziqtirgan savollarimga javob olishga harakat qildim.
- Oilada 5 farzandmiz, - dedi u. – Men to‘ng‘ichiman. Otam qishlog‘imizda bozor bo‘ladigan kunlari eshak aravada odamlarning yukini tashirdi. Uning shu aravasidan boshqa ulovi yo‘q. Keyingi paytlarda yuk tashishga mo‘ljallangan yengil avtomashinalar, kajavali mototsikllar paydo bo‘lib, eshak aravaga ehtiyoj qolmadi. Bu bilan otam ishsiz qoldi, demoqchimasman. Tomorqada mehnat qilib ham bemalol ro‘zg‘or tebrata oladi. Aravakashlikni esa qo‘shimcha daromad manbai, deb bilardi. Ro‘zg‘ordan ortgan pullarni yig‘ib, eskiroq bo‘lsayam mashina yoki kajavali mototsikl sotib olishni taklif qilsak-da, unamasdi. Buning o‘rniga doimo bizga kitob va o‘quv qurollari olib berardi. “Yaxshi o‘qisalaring, mashina o‘z oyog‘i bilan keladi”, derdi kulib. Onam ham keyingi 5-6 yil ichida bizning o‘qishimizga alohida e’tibor qaratdi. Avvallari pul bo‘lmasa, institutga kirish osonmas, deb yurarkan. Sababi, onamning bilimi kuchli bo‘lsa-da, talabalik nasib qilmagan. Aytishicha, ularning davrida faqat puli borlarningfarzandi o‘qishga kirgan ekan. Hozir esa vaziyat boshqacha.
Yigit biroz jim qoldi. Unga istirohat bog‘ida kitob o‘qishning gashti boshqacha bo‘lsa kerak, deb savol berdim.
- Bugun ota-onamning istaklari ijobat bo‘layotgandek, nazarimda, - deya so‘zida davom etdi u. - Ko‘p kitob o‘qiganligim sababli yuqori ball to‘plab, o‘zim orzu qilgan oliy o‘quv yurtiga grant asosida o‘qishga kirdim. Yaqinda “Yosh kitobxon” tanlovida qatnashish uchun ro‘yxatdan o‘tdim. Buning uchun 60 ta kitob o‘qish kerak ekan. Ro‘yxatdagi badiiy adabiyotlarning aksariyatini o‘qigan ekanman. Ularni takrorlab, qolganlarini qunt bilan o‘qib chiqsam, talabalik davrimdayoq otamga avtomashina sovg‘a qilishim mumkin ekan. Shuning harakatidaman hozir. Qishloqda qirda yoki soy bo‘yida, shaharda esa xiyobonda o‘tirib, kitob o‘qisam, voqealar va qahramonlarning ismlarini eslab qolish osonroq tuyuladi.
Bugun yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlarning ko‘lami keng. Ulardan oqilona foydalanayotgan yigit-qizlarimiz esa albatta, ko‘zlagan maqsadlariga erishadi.
Dilnoza HASANOVA.