Yaxshi otga bir qamchi kamlik qilyaptimi?

Ushbu suratlar Samarqand shahriga qarashli Xishrav qo‘rg‘onining Samarqand ko‘chasida 15 kun oldin olingan. Gap shundaki, ko‘chadan o‘tuvchi katta ariq Samarqand tumani fermer xo‘jaliklariga qarashli yerlarga suv “yetaklaydi”. Har yili fermerlar bu ariqni qum va loydan tozalashadi va kelasi bahorgacha ariqdan olib chiqilgan qum-tuproqqa qo‘l tekkizilmaydi.

Bu yil ham shunaqa bo‘ldi. Ammo endi bu ko‘cha tekislangan, asfalt yotqizilgan, yo‘laklari tartibga keltirilgan edi. Hozir borsangiz, ko‘cha ana shu ahvolda.

Biz tuman hokimligidagi mutasaddilarni bu haqda ogohlantirdik, rasmlarni jo‘natdik. Biroq hozirgacha hech kim pinagini buzgan emas.

Hayronmiz, mutasaddilar mahalla ahli tomonidan sud organlariga murojaat qilinganidan keyin ishga kirishadimi?

Qahhor JAMOLOV,

mehnat faxriysi.