"Yaxshilik tuxmini sochg‘ilkim, budur dehqonga so‘z..."
Bepoyon dalalarda g‘alla parvarishi, ariq-zovurlarni tozalash, ko‘chat ekish, gullarga burkangan bog‘-rog‘larga ishlov berish, toklarni ochish, zararkunandalarga qarshi kurash ishlari avjida. Tarixi to‘rt yarim ming yilga borib taqaladigan ayyomda kun bilan tun tenglashadi.
"Navro‘z – Yangi kun. Yangi yilning bir kuni yilni boqadi", – deydi bobodehqonlarimiz. Bu bejizga aytilmagan. O‘sha qulay kunlarda obi-tobida haydalgan yerga tushgan ekin urug‘i tez unib chiqadi, hosili ertagi, mo‘l bo‘ladi.
Navro‘zning xalqimiz ijtimoiy-ma’naviy hayotida tutgan o‘rni katta. O‘sha kuni o‘tkaziladigan sayil, milliy sport o‘yinlari, doshqozonlarda sumalak, xalisa, palov tayyorlash, ko‘klam maysalaridan pichak, manti, somsa kabi pishiriqlar pishirish, arazlashgan do‘stu birodarlar, qarindosh-urug‘larning o‘zaro yarashib, adovatga chek qo‘yishlari, yoshu qari yangi liboslarda sayilga chiqishlari umrboqiy qadriyat, an’anaga aylangan.
Xalqimiz bu yilgi Navro‘zni o‘zgacha shukuh, g‘ayrat-shijoat, har lahzada asrga tatigulik bunyodkorlik ishlariga bel bog‘langan tarixiy damlarda kutib olmoqda. Yurtboshimiz yuritayotgan ichki va tashqi siyosat – tinchlik va osoyishtalikni saqlash, dunyo hamjamiyati bilan do‘stona iqtisodiy, madaniy aloqalarni mustahkamlash, O‘zbekistonni nafaqat Markaziy Osiyoda, balki jahondagi rivojlangan mamlakatlar qatoriga olib chiqishga qaratilayotgan sa’y-harakatlar xalqimizning ertangi kunga ishonchini orttirib, ulug‘ ishlarga ruhlantirmoqda.
Bu shukuh Navro‘z bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni nishonlashda yaqqol namoyon bo‘lmoqda.
O‘lkamizga xush kelibsan, Navro‘z!
Tog‘aymurod ShOMURODOV.